17:14 / 31.05.2020
22049
Navoiyda ham inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari talon-toroj qilindi

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Navoiy viloyati boshqarmasi viloyatdagi inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar maqsadli sarflanishi yuzasidan taftish o‘tkazdi.

Foto: REUTERS/Mukhammadsharif Mamatkulov

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Navoiy viloyati boshqarmasi viloyatdagi inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar maqsadli sarflanishi yuzasidan taftish o‘tkazdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan Kun.uz`ga ma'lum qilinishicha, taftishda juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.

«Xususan, Navoiy viloyati sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari va boshqalar oldindan til biriktirib, jamg‘arma tomonidan ajratilgan 5 mlrd so‘m mablag‘ning bir qismini talon-toroj qilish maqsadida, «T.» va «I-P.» MChJdan kimyoviy dezinfeksiya vositalari hamda infeksiyaga qarshi tibbiy himoya vositalarini qimmat narxlarda xarid qilishib, jami 222,3 mln so‘mni rastrata qilish yo‘li talon-toroj qilib, davlat budjetiga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan», – deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Navoiy viloyati sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari, «T.» va «I-P.» MChJ rahbarlari
va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash holat o‘tgan hafta Buxoro viloyatida ham aniqlangan edi.

Departament tekshiruvida viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi markaz dezinfeksionisti bilan kelishgan holda unga tegishli korxonadan dezinfeksiya vositasini 1,5 barobar qimmatga sotib olgani ma'lum bo‘lgandi. Natijada budjetga 200 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Shuningdek, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida «Mahalla» xayriya jamoat fondi va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasining 153,2 mln so‘mlik xayriya mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top