19:34 / 31.05.2020
20384
O‘qituvchilar ta'til pullarini olishida muammo bo‘lmaydi - XTV

O‘qituvchilarga ta'til pulini to‘lashda Direktor jamg‘armasidan to‘lanadigan to‘lovlar hisobga olinadi. Xalq ta'limi vazirligi bu bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar va xavotirlar o‘rinsiz ekanini ma'lum qildi.

Xalq ta'limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarning mehnat ta'tili uchun to‘lov pulini to‘liq ololmasliklari xavotiri yuzaga kelayotgani borasida tushuntirish berdi.

«Xalq ta'limi tizimi xodimlarini yillik asosiy mehnat ta'tili to‘lovlarini amalga oshirish uchun o‘rtacha ish haqini hisoblashda Direktor jamg‘armasidan to‘langan to‘lovlar inobatga olinmasligi xavotirga solmoqda. Bu haqida vazirlikka murojaatlar yuborilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Ma'lum qilinishicha, bu kabi xavotirlar asossiz. Ta'til pulini to‘lashda Direktor jamg‘armasidan to‘lanadigan to‘lovlar hisobga olinadi.

Bu borada tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun vazirlik hududiy boshqarmalar uchun ko‘rsatma xati ham tayyorladi.

Unda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini ta'minlash va xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, budjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga 2020 yilning 16 aprelidan 1 oktyabriga qadar moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hamda direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatib turilgan.

Biroq Mehnat kodeksida yillik ta'tillar davri uchun xodimga o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lash kafolatlanishi ko‘rsatilgan.

«Mehnat ta'tili pulini hisoblashda Direktor jamg‘armasi va Maktabgacha ta'lim tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilgan barcha to‘lovlar inobatga olinadi.

Bunda xodimlar uchun oxirgi bir yil davomida Direktor jamg‘armasi va Maktabgacha ta'lim tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilgan barcha to‘lovlarni (har oylik ustama, mukofot, moddiy yordam) o‘n ikkidan birga (birinchi yil ishlovchi pedagog xodimlar ishlagan davriga mutanosib holda olti oy to‘liq ishlaganlarga oltidan birga, yetti oy to‘liq ishlaganlarga yettidan birga) oshirgan holda hisoblanadi. Bundan tashqari, o‘rta maxsus, kasb-xunar ta'limi muassasalarida «Yoshlar yetakchisi» vazifasi yuklangan o‘qituvchiga (xodimga) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasining Direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy ma'lumotli o‘qituvchi bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik ustama to‘lanadi», deyiladi vazirlik ko‘rsatma xatida. 

Top