17:06 / 31.05.2020
14406
Uchta viloyatda umumbelgilangan soliq to‘lovchilariga xizmat ko‘rsatish tartibi o‘zgardi

1 iyundan boshlab Toshkent, Andijon va Surxondaryo viloyatlarining umumbelgilangan soliq to‘lovchilariga tuman inspeksiyalarida emas, balki viloyatlar davlat soliq boshqarmalarida xizmat ko‘rsatiladi.

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston soliq organlari tizimi tarkibiy tuzilmasini qayta tashkil etish boshlanmoqda. Maqsad – soliq to‘lovchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, shu bilan tizimning servisga yo‘naltirilganlik darajasini oshirish va soliq to‘lovchilarning o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy va qulay tarzda bajarishini ta'minlashga erishish, deb xabar beradi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Endi umumbelgilangan soliq to‘lovchilari hisoblanadigan barcha QQS to‘lovchilarining soliq ma'muriyatchiligi bosqichma-bochqich yangi darajaga o‘tadi.

Xizmat ko‘rsatishning yangi tartibi birinchi bosqichda Toshkent, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida joriy etiladi. Unga ko‘ra, 1 iyundan boshlab umumbelgilangan soliq to‘lovchilariga avvalgidek tuman inspeksiyalarida emas, balki viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarida (DSB) xizmat ko‘rsatiladi.

2020 yil 1 iyuldan boshlab mazkur uchta hududda soliq to‘lovchilarning ushbu toifasining soliq ma'muriyatchiligi to‘liq Toshkent shahar va viloyatlar DSBlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ma'lumot uchun, qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig‘i,  yer solig‘i, ijtimoiy soliq, aksiz solig‘i, yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq, avtotransport yig‘imi (faoliyat turiga qarab) umumbelgilangan soliqlar hisoblanadi.

Xalqaro valuta fondi ekspertlari ishni samarali tashkil etish maqsadida, soliq xizmati tizimini optimallashtirish va tarkibiy tuzilmalari tarmog‘ini takomillashtirishni o‘z tavsiyalarida ko‘rsatib o‘tishgan.

Bundan tashqari, DSQ huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasini tashkil etish tajribasi soliq to‘lovchilarning ma'lum toifalariga nisbatan soliq ma'muriyatchiligi manzilli tartibda alohida tuzilmalar tomonidan yuritilishining maqsadga muvofiqligini isbotladi.

Shu munosabat bilan hududiy DSBlar tarkibiy tuzilmasini qayta tashkil etish ishlari boshlandi: QQSni rasmiylashtirish va qaytarish bilan shug‘ullanadigan maxsus bo‘limlar tashkil etilmoqda. Bu DSBlarda umumbelgilangan soliqlar bo‘yicha ma'lumotlarni jamlash uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish choralari ko‘rilmoqda hamda soliq to‘lovchilarga odatdagi tartibda va masofadan turib xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Bu nima beradi? QQS ma'murchiligi – oddiy jarayon emas. Soliqni hisoblash tizimi ham murakkab. Bunda soliq to‘lovchilarga maslahat berish va amaliy yordam ko‘rsatish juda muhim hisoblanadi. Tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, tuman soliq inspeksiyalari bu ishni yetarli darajada uddalamayapti. Natijada soliq hisobotida xatolar, qayta hisoblashlar ko‘paymoqda. Soliq to‘lovchilar esa viloyat boshqarmalariga shikoyat qilib, muammoning hal qilinishiga erishmoqda.

Yangi mexanizm xizmat ko‘rsatish sifati va tezligini oshirishga yordam beradi, soliq to‘lovchilarning soliq organlariga birinchi murojaatida yechimini topmagan muammosi bo‘yicha yuqori organga murojaat qilish holatlari bir necha barobar kamayadi.

Ish manzilli ravishda, vazifalarni aniq taqsimlash va har bir masalani batafsil o‘rganish asosida tashkil etiladi. Sifatli servis xizmati soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va ixtiyoriy ravishda bajarishga imkon beradi.

Tarkibiy tuzilmani qayta tashkil etish tadbirkorlik sub'yektlaridan hech qanday qo‘shimcha harakatlar talab qilmaydi. Bu tizimga o‘tkazish soliq xizmati xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari ishtirokisiz amalga oshiriladi.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasida 96130ta sub'yekt QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Yuqoridagi tartib birinchi bosqichda Toshkent shahri, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshiriladi va jami 29170ta QQS to‘lovchisini qamrab oladi. 1 oktyabrdan boshlab bu mexanizm butun respublika bo‘ylab amalga oshiriladi.

Top