11:32 / 01.06.2020
7998
Armaniston bosh vaziri koronavirusdan zararlandi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan koronavirusdan zararlandi. Bu haqda siyosatchining o‘zi Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilgan.

Foto: DPA/TASS

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga joylashtirgan videosida Pashinyan o‘zida hech qanday tashqi simptomlar bo‘lmasada harbiy qismga borishdan avval test topshirgani haqida aytgan.

Armaniston bosh vaziri yaqin vaqtlar ichida uyidan chiqmasligini ma'lum qilgan. Uning oila a'zolari ham kasallikka chalingan. Ularning barchasida hech qanday tashqi belgilar kuzatilmagan.

«Hozir biz hammamiz o‘zimizni ihotaladik. Men uydan turib ishlayman. Bu yerda barcha qulayliklar muhayyo», degan arman hukumati rahbari.

Pashinyan virusni ziyofatlardan biri vaqtida ofitsiantdan yuqtirib olganini taxmin qilmoqda.

«Men u qo‘lqopsiz ishlayotganini payqagandim, unga tanbeh bergandim, ammo u doimo qo‘lqopsiz ishlab kelganini bilmagandim. U ham koronavirusdan zararlangan», degan bosh vazir.

Bugun, 1 iyun kuni u 45 yoshga to‘ldi.

Armanistondagi vaziyat

May oyi oxirida Pashinyan Armanistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishda davom etayotgani va respublikada «italyancha ssenariy» ro‘y berishi mumkinligidan ogohlantirgandi. «Har bir million kishiga kasallanish holatlari soni bo‘yicha biz Eron va Fransiya ko‘rsatkichlarini ortda qoldirdik, Rossiya bilan tenglashdik va shu tempda davom etsa Italiyaga ham yetib olamiz», - deya qayd etgandi bosh vazir. O‘shanda Pashinyan Armanistonda koronavirusning ikkinchi to‘lqinini boshlangani haqida gapirgandi.

Respublikada 13 iyunga qadar favqulodda vaziyat rejimi amal qiladi. Shu bilan birgalikda, iqtisodiy faoliyatga taqiqlarning ayrimlari bekor qilingan, mamlakatda korxonalar ishlay boshlagan, jamoat transportiga ham ruxsat berilgan, cheklovlar faqat ta'lim muassasalari uchun saqlab qolingan.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Armanistonda shu vaqtgacha 9282 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, bemorlarning 131 nafari vafot etgan.

Koronavirus va siyosat

Shu vaqtgacha Rossiya va Buyuk Britaniya bosh vazirlari Mixail Mishustin va Boris Jonson, shuningdek, Britaniya taxti vorisi shahzoda Charlz koronavirusdan kasallangandi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham virusdan zararlangan. Ayni vaqtda u shifoxonadan tuzalib chiqqan.

Shuningdek, Rossiyaning Tuva o‘lkasi rahbar Sholban Kara-Ool va Udmurtiya gubernatori Aleksandr Brechalov, Rossiyaning bir qancha federal vazirlari - madaniyat vaziri Olga Lyubimovoy, qurilish vaziri Vladimir Yakusheva va ta'lim vaziri Valeriya Falkova ham kasallikka chalingan.
 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top