21:30 / 01.06.2020
3187
Isroil bosh vaziri o‘z nomiga bildirilayotgan tahdidlar sababli politsiyaga murojaat qildi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘zi va oilasi nomiga bildirilayotgan tahdidlar sababli politsiyaga murojaat qilishiga to‘g‘ri keldi. Bu uning politsiyaga birinchi bunday murojaati emas.

Netanyaxu bu haqda Twitter’dagi sahifasida ma'lum qilgan.

“Bir necha kun avval men va oilamni o‘ldirish haqida bir nechta tahdidlar olganimdan keyin politsiyaga shikoyat qildim. Bugun, afsuski, yana bir kishi ustidan politsiyaga murojaat qilishimga to‘g‘ri keldi. Bu odam men va oilamni qanday o‘ldirmoqchiligini batafsil bayon qilgan”, deb yozgan Isroil bosh vaziri. 

Netanyaxuning fikricha, bunday vaziyat uning raqiblarini qo‘llab-quvvatlovchi bir qator ommaviy axborot vositalari uni hokimiyatdan chetlatishga urinayotgani sababli yuzaga kelgan. “Meni hokimiyatdan chetlatishga urinishlarni bir soniya ham to‘xtatmayotgan so‘l OAV qachon meni himoya qiladi va menga hamda oilam nomiga bildirilayotgan tahdidlarni qoralaydi?”, deb savol bilan yuzlangan bosh vaziri boshqa bir postida.

Ta'kidlanishicha, Netanyaxu o‘ziga bildirilayotgan tahdidlar yuzasidan politsiyaga birinchi marta murojaat qilmayapti.

Ayni vaqtda Netanyaxuga nisbatan sud jarayoni bormoqda. U korrupsiya va jamiyat ishonchini suiiste'mol qilishda ayblanmoqda. Netanyaxu 24 may kuni o‘tgan birinchi sud yig‘ilishida prokuratura xulosasi bilan tanishish va o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tushunganini tasdiqlash uchun shaxsan ishtirok etgan. 

E'tiborlisi, ushbu ayblovlar Isroil bosh vaziriga yangi hukumatni shakllantirishiga xalaqit qilmagan.

Top