22:36 / 01.06.2020
6849
Koronavirusga chalinishda tromboz yuzaga kelish xavfini kamaytirish yo‘llari ma'lum qilindi  

Koronavirusga chalinishning asoratlaridan biri qonning ivuvchanligi buzilishi va tromblar hosil bo‘lishi bilan bog‘langan. Britaniyalik mutaxassis buning oldini qanday olish mumkinligi bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Foto: Shutterstock

Britaniyaning sog‘liqni saqlash milliy xizmati (NHS) mutaxassisi, professor Beverli Xantning ta'kidlashicha, koronavirusga chalingan og‘ir bemorlarda qon juda quyuq bo‘ladi, bu esa chuqur venalar trombozi avj olishiga olib keladi.

Qon quyqalari qon ta'minotini to‘sib qo‘yishi bilan ham xavflidir. Koronavirusga chalinganlarda bunday vaziyatda birinchi navbatda o‘pka aziyat chekadi.

Tromboz koronavirusning ikkilamchi ta'siri hisoblanadi. Qon tomirlari ichida tromblar hosil bo‘lishi xavfini kamaytirish uchun koronavirusga ehtimoliy chalinishgacha bir qator choralar qabul qilish lozim. 

“O‘zini izolyatsiyalash vaqtida odamlar kam harakat qiladilar. Bu esa yomon. Agar siz uydan ishlasangiz, har soat joyingizdan turib, harakatlanishingiz lozim. Siz shu tariqa tromblar hosil bo‘lishi xavfini kamaytirasiz. Harakatchan bo‘lib qolish muhimdir. Bundan tashqari, yaxshi ovqatlanib, yetarlicha miqdorda suyuqlik ichish lozim. Chunki, suvsizlanish qon quyqalari hosil bo‘lishi xavfi omili hisoblanadi”, deb tushuntirgan mutaxassis.

Tadqiqotchilar koronavirusga chalinganlarning ko‘pchiligi nafaqat nafas yo‘llaridagi buzilishlardan aziyat chekishlari, balki hid bilish qobiliyatini yo‘qotishlari, ovqat hazm qilishdagi va qon tizimidagi boshqa muammolarni boshdan o‘tkazishlarini aynan tromboz bilan tushuntirishmoqda. 

Tromblar boshqa asoratlar kabi inson immun tizimining koronavirusga haddan ziyod kuchli javobi sababli hosil bo‘ladi. Ko‘plab bemorlarda tromboz jadal rivojlanadi. Qon quyqalari oyoq venalarida hosil bo‘lib tromboflebitga, miya qon tomirlarida hosil bo‘lib insultga, yurakdagi koronar qon aylanishi tizimida hosil bo‘lib infarktga, ichakda hosil bo‘lib ishemiyaga  olib keladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top