14:34 / 01.06.2020
34171
«O‘rikzor»dagi yana bir sotuvchida va Yunusoboddagi do‘kon sotuvchisida virus aniqlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida 2 sotuvchi va ularning oila a'zolarida koronavirus aniqlangani haqida xabar berdi.

«Mamlakatimizning qator hududlari qatori, Toshkent shahrida ham aholi orasida kasallanish holatlari hamon oshib bormoqda. Jumladan, poytaxtimizda bugun ayni paytga qadar karonavirusga chalingan 10 nafar fuqarodan 4 nafarini aholi orasidan aniqlanganlar tashkil etdi.

Jumladan, «O‘rikzor» savdo majmuasida do‘kon sotuvchisi va uning qizida, shuningdek, sotish uchun mahsulotlarni ushbu savda majmuasidan olib, Yunusobod tumanida joylashgan do‘konida faoliyat ko‘rsatuvchi sotuvchi va uning turmush o‘rtog‘ida ham koronavirus tasdiqlangan.

Poytaxtimiz, Samarqand va Navoiy viloyatlariga qo‘shimcha ravishda, Namangan va Buxoro viloyatlarida ham kasallanish holatlarining uchrayotgani barchamiz uchun jiddiy ogohlantirish signallari ekanini yodda tutishimiz lozim. Ushbu holatlar oddiy, ammo zarur bo‘lgan karantin qoidalarini turmush tarzimizning bir qismiga aylantirishimiz shart ekanini ko‘rsatmoqda.

Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, jamoat va odamlar to‘plangan joylardan uzoqroq yurish, doimo tibbiy niqobni taqish kabi karantin qoidalariga qat'iy amal qilish lozimligini qayta-qayta so‘rab qoladi. Ushbu tavsiyalarga o‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘ligi uchun amal qiling», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

23 may kuni «O‘rikzor» savdo majmuasida koronavirus infeksiyasi aniqlangani, bozor vaqtinchalik yopilgani xabar qilingandi.

30 may kuni sotuvchining o‘g‘li va qizida ham koronavirus aniqlangani ma'lum qilindi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top