17:08 / 01.06.2020
1938
O‘zbekistonda onlayn xayriya poygasi o‘tkazilmoqda

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan onlayn xayriya poygasi o‘tkazilmoqda. Mazkur xayriya tadbiridan tushadigan mablag‘lar O‘zbekistondagi internatlardan birini qo‘llab-quvvatlashga hamda autizm bilan kasallangan bolalar uchun ish yuritish buyumlari va badiiy to‘plamlarni xarid qilish uchun sarflanadi. Bu haqida Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi ma'lum qildi.

Xayriya poygasi uchun ro‘yxatdan o‘tish bugun, 1 iyun kuni start oladi. 2020 yilning yoz mavsumi yakuniga qadar onlayn-musobaqada ishtirok etish mumkin. Buning uchun “Samarkand Half Marathon" veb-saytida ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi. Uchta masofadan birini tanlagan holda ishtirok uchun to‘lov amalga oshiriladi.

Masofani har bir ishtirokchi o‘ziga qulay vaqtda va qulay joyda bosib o‘tishi mumkin. Yugurish amalga oshirilganligini tasdiqlash uchun yarimmarafon saytidagi har qanday fitnes dasturidan GPS-trekni yuklab olish kifoya. Musobaqa so‘ngida barcha ishtirokchilar "Samarkand Half Marathon"ning 2019 yilgi memorial medallariga ega bo‘lishadi.

Pandemiya sharoitida millionlab odamlar uyda qolishga majbur bo‘lmoqda va mamlakatning har bir fuqarosi bugun kam harakatlikni o‘z boshidan o‘tkazib, buning mashaqqatini anglab yetmoqda. Karantin rejimi tugab, barcha odatiy hayotga qaytishi mumkin bo‘ladi, ammo butun mamlakat bo‘ylab minglab nogironligi bo‘lgan shaxslar va sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolari mavjud bo‘lgan insonlar uchun o‘z-o‘zini majburiy ravishda izolyatsiya qilish odatiy holga aylanib ulgurgan. Mazkur xayriya tadbirining asosiy maqsadi bu vaziyatni tuzatish mumkinligini eslatib qo‘yishdir.

Xayriya poygasiga ro‘yxatdan o‘tish uchun: https://samarqand21.uz/

Top