14:50 / 01.06.2020
3777
Uylarni ulush kiritish asosida qurish masalalari tartibga solindi

Prezidentning 27.05.2020 yildagi «Ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish chora-tadbirlari haqida»gi PQ-4732-son qarori qabul qilindi.

U bilan Ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, unda binolarni qurish hamda ulushdorlarning mablag‘laridan foydalanish tartibi belgilangan, deb yozmoqda Norma.
 
Ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslar (ulushdorlar)ning mablag‘larini faqat yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan hamda Ulush kiritish asosida qurish uchun mablag‘larni jalb etuvchi quruvchilarning elektron ro‘yxati (Elektron ro‘yxat)ga kiritilgan quruvchilar jalb qilishi mumkin.
 
Elektron ro‘yxatga kiritish uchun quruvchilar quyidagi talablarga javob berishlari lozim:

ko‘p kvartirali uylarni qurish uchun belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasi va qurilish ishlarini amalga oshirishga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar mavjudligi;

qurilish majmuasiga kiradigan ko‘p kvartirali uylar va boshqa qurilish obektlari qiymatining 20 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda o‘z moliyaviy resurslari yoki mazkur mablag‘larga yoxud uning yetishmayotgan qismiga kredit ajratish haqida bank kafolat xati mavjudligi;

qurilish majmuasi uchun loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi mavjudligi («fast-track» usulida amalga oshiriladigan loyihalar bundan mustasno);

texnik va mualliflik nazorati hamda davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tegishli shartnomalar tuzilganligi;

ulushdorlar tomonidan kiritilgan mablag‘larni jalb qilish uchun tijorat bankida alohida hisobvaraq ochilganligi.
 
Ulush kiritish asosida qurilish uchun mablag‘lar quruvchi va ulushdor o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq jalb qilinadi.
 
Qurilish vazirligi va uning hududiy tuzilmalari ulush kiritish asosida qurilish haqidagi ma'lumotlarni yuritadi, quruvchilarni Elektron ro‘yxatga kiritadi va shartnomalarni hisobga qo‘yadi.
 
Ulushdorlarning mablag‘lari quruvchining har bir qurilish majmuasi bo‘yicha alohida bank hisobvarag‘ida jamlanadi hamda faqat quruvchi va ulushdorlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish maqsadlari uchun yo‘naltiriladi.
 
Quruvchilar:

ulushdorlarning mablag‘lari sarflanishi hamda qurilish obektidagi ishlar haqida doimiy ravishda o‘zlarining rasmiy veb-saytlari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida axborot berib boradilar;

qurilish obektini onlayn rejimida kuzatish imkoniyatini ta'minlaydilar.
 
Hujjat 28.05.2020 yildan kuchga kirgan.

Top