15:09 / 02.06.2020
4251

Jahon banki: Pandemiya davrida qishloq xo‘jaligi Markaziy Osiyo iqtisodiyotini barqarorlashtirishga qodir 

Keyingi ikki oyda Jahon banki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga 370 million dollardan ziyod miqdorda mablag‘ ajratdi.

COVID-19 pandemiyasi jahon oziq-ovqat bozorlarining sezilarli darajada beqarorlashiga olib kelmadi. Ammo uning oqibatlari Markaziy Osiyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga ma'lum darajada tahdid solmoqda. Jahon bankining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha yetakchi iqtisodchisi Sergiy Zorya ana shunday fikr bildirdi.

Qayd etilishicha, qisqa muddatli istiqbolda (1-3 oy) mintaqa davlatlari muayyan qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Masalan, ayrim oziq-ovqat turlari narxlarining oshishi va daromadlar kamayishi tufayli aholining zaif guruhlari ularni sotib olishi qiyinlashishi mumkin. Shuningdek, xomashyo (urug‘lar va o‘g‘itlar) yetkazish zanjiridagi uzilishlar qishloq xo‘jaligi ishlarining kechikishiga olib keladi va kelajakda turli ekinlar hosiliga salbiy ta'sir qiladi.

O‘rta muddatli istiqbolda (6 oygacha) iqtisodiy pasayish, mehnat muhojirlari pul o‘tkazmalarining kamayishi va mintaqa mamlakatlarida milliy valutalarning qadrsizlanishi natijasida ichki oziq-ovqat iste'molining tushishi kutilmoqda. Bundan tashqari, iqtisodiy inqiroz aholining xarid qobiliyatiga ta'sir ko‘rsatgan Rossiyada Markaziy Osiyo meva-sabzavotlariga talabning pasayishi kutilmoqda. Shuningdek, karantin cheklovlari joriy etilganligi sababli jabr ko‘rgan mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari kreditlarni to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. 

Markaziy Osiyo mamlakatlari pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirish va qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat sektorini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rdi. Xususan, mintaqa hukumatlari davlat oziq-ovqat zaxiralarini ishga tushirdi va zaxiralarni ko‘paytirdi, oziq-ovqat narxlari ustidan ma'muriy nazorat o‘rnatdi, eksport cheklovlari va import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga tariflarni pasaytirish hisobiga ularning narxlarini pasaytirdi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish va ushbu sohada ishchilarning harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash tezlashtirildi, shuningdek, fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalariga ular faoliyatini rag‘batlantiruvchi kreditlar va boshqa imtiyozlarni qaytarish muddati kechiktirilishini ta'minladi.

 “2020 yilda qishloq xo‘jaligi Markaziy Osiyo iqtisodiyoti barqarorligi va mintaqa mamlakatlari iqtisodiyoti o‘sishining asosiy omili bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, u boshqa sohalarga qaraganda ko‘proq ish joylari bilan ta'minlash imkoniyatiga ega”, dedi Sergiy Zorya.

Ekspert pandemiyadan so‘ng hukumatlar Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi savdosini tiklash, sanitariya va fitosanitariya xavfsizligi sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni takomillashtirish, davlat oziq-ovqat zaxiralarini boshqarish, veterinariya xizmatlari va agrosanoat sohasini raqamlashtirishga investitsiyalarni ko‘paytirishga e'tibor qaratishlari kerakligini ta'kidladi.

Keyingi ikki oyda Jahon banki sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlash, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va himoyaga muhtoj guruhlarning ijtimoiy himoyasini ta'minlash uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga 370 million dollardan ziyod miqdorda favqulodda mablag‘ ajratdi. Mintaqalar hukumatlari bilan birgalikda vaziyat baholanmoqda va resurslarni qayta taqsimlash maqsadida ushbu xalqaro moliyaviy institut tomonidan moliyalashtirilayotgan joriy loyihalar o‘rganilmoqda. Jahon banki Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini tiklash uchun qo‘shimcha mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top