08:08 / 02.06.2020
99999
O‘zbekistonda nega koronavirus infeksiyasi aholi orasida ko‘payayotganiga izoh berildi 

Keng aholi qatlami bilan muloqot boshlanib ketgani natijasida aholi orasida koronavirus yuqtirganlar aniqlana boshlandi.

Foto: KUN.UZ

AOKA shtabida Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi. 

Unda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi. N. Otabekov nega koronavirus infeksiyasi aholi orasida ko‘payayotganiga izoh berdi.

“Karantin choralari yumshatilganidan so‘ng ko‘pchilik karantin qoidalariga rioya qilmay qo‘ydi. Niqoblarni haftalab almashtirmay, ijtimoiy masofaga rioya qilmay qo‘yishdi.

Keng aholi qatlami bilan muloqot boshlanib ketgani natijasida aholi orasida koronavirus yuqtirganlar aniqlana boshlandi”, - deydi u.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, karantin tadbirlari bekor qilingani yo‘q.

“Aholi orasida kasallanish sur'ati shu tarzda oshib borsa karantin tadbirlari yanada kuchaytirilishi mumkin”, - deydi Bosh davlat sanitariya inspektori.

U nega respublikada kasallik yengil o‘tayotgani, qariyb 80 foiz bemor kasallikdan tuzalayotganining sababi haqida ham gapirdi.

“Koronavirus infeksiyasi asosan 80 foiz holatda yengil kechadi, 15 foiz holatda o‘rta og‘irlikda va faqat 3-5 foiz holatda og‘ir, ya'ni nafas yetishmovchiligi bilan kechadi.

Kasallikka chalinganlarni erta aniqlash ishlarining yo‘lga qo‘yilganligi kasallik kechishida ijobiy natijalarga erishish imkonini beryapti.

Biroq virusning kultural, morfologik, antigen, serologik xususiyatlari, virulentligi, patogenligi kabi masalalar hali ko‘plab o‘rganiladi.   Shuning uchun aniq biror to‘xtamga kelishga hali erta”, - dedi u.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top