22:53 / 02.06.2020
39134

Samarqandda ruxsat berilgan vaqtda harakatlangan avtomobillar nega jarima maydoniga kiritib qo‘yildi?

Foto: Samarqand viloyat IIB axborot xizmati

1 iyun kuni Samarqandda maxsus stikerga ega bo‘lmagan haydovchilarga ham o‘z avtomobillarida shaharda ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha va kech soat 17:00 dan 20:00 gacha harakatlanishga ruxsat berilgan edi.

Ammo shu kunning o‘zida haydovchilar belgilangan vaqtda harakatlangan bo‘lishiga qaramasdan, DYHXX xodimlari tomonidan to‘xtatilib, avtomashinalar jarima maydonchasiga kiritib qo‘yilayotgani borasida shikoyatlar kela boshladi.

Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro U.I. Siyob bozori yaqinida o‘z avtomashinasida harakatlanayotganida soat 9:30 da DYHXX xodimlari tomonidan to‘xtatilib, maxsus stikerga ega bo‘lmagani sababli mashinasi jarima maydonchasiga jo‘natilganini ma'lum qildi.

Samarqand shahrida yashovchi yana bir fuqaro T.K. ham soat 9:30 da xuddi shu sabab bilan mashinasi qamab qo‘yilganidan shikoyat qildi.

Samarqand viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Samarqand viloyat IIB vakillari ham soat 10:00 ga qadar stikersiz mashinalar jarima maydonchasiga olingan holatlar mavjudligini tasdiqladi.

Ammo YHXB faqat mashinalarni to‘xtatib berishi, hujjatlar esa davlat sanitariya epidemiologiya nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan to‘ldirilishini ma'lum qildi.

Ammo aslida ruxsat berilgani holda o‘nlab mashinalarning jarimaga tortilishi sababi haqda YHXB tomonidan hozirgacha rasmiy ma'lumot berilmadi.

Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, 1 iyun kuni ertalab tegishli idoralar ishtirokida viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vaqtda stikersiz avtomashinalar harakatlanishiga ruxsat berilgan va mazkur yig‘ilishni samarqandliklar hokimlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida onlayn kuzatib, soat 10:00 gacha ko‘chada harakatlanishni boshlagan.

Muayyan muddat oralig‘ida samarqandliklarga harakatlanishga ruxsat berilgani shahar hokimligining Telegram`dagi rasmiy kanalida ham e'lon qilindi. Bu xabar so‘ngra internet saytlar va blogerlarning kanallarida tarqatildi.

Ammo bu vaqtda tegishli idoralar rahbarlari ham yig‘ilishda bo‘lgani va hali xodimlarga bu haqda buyruq bo‘lmagani sababli, stikersiz ko‘chaga chiqqach mashinalar to‘xtatilib, jarima maydonchasiga jo‘natilavergan. Albatta, bu bo‘yicha aniq izohni tegishli boshqarmalar ma'lum qilishadi.

Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat davlat sanitariya epidemiologiya nazorati inspeksiyasida bo‘ldi. Bu yerda ham xuddi shu vaj bilan mashinalari jarima maydonchasiga kiritib qo‘yilgan bir necha fuqarolar yig‘ilgan ekan.

Inspeksiya rahbari Sherzod Shomurodov yig‘ilganlarga mazkur bayonnomalar davlat sanitariya epidemiologiya nazorati inspeksiyasi xodimlari emas, YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilganini ma'lum qildi.

Sherzod Shomurodovga ko‘ra, mazkur bayonnomalar asosida jarimalar qo‘llanilmaydi hamda bekor qilinishi uchun hujjatlar IIBga qaytarib yuboriladi.

Mazkur uchrashuvdan bir necha soat o‘tib mashinasi olib qo‘yilgan fuqarolar tahririyatga qo‘ng‘iroq qila boshladi: «Mashinamiz qaytarib berilyapti, jarima qo‘llanilmaydigan bo‘ldi».

Mana shu tarzda ikki kun davomida sarson bo‘lgan qator haydovchilar muammosiga yechim topilgan ko‘rinadi.

Bundan bir necha kun oldinroq Kattaqo‘rg‘on shahrida ham noqonuniy tarzda jarima qo‘llanilgani aniqlangandi. Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqaro A.Mamadiyevga nisbatan sanitariya epidemiologiya nazorat markazi xodimlari tomonidan bayonnoma tuzilib, BHMning 20 barobari miqdorida jarima qo‘llanilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi xodimlari tomonidan fuqaroning arizasi asosida voqeani o‘rganib, bir qator qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan va bayonnoma noqonuniy deb topilgandi.

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Alisher Mamatov aniqlangan bu kabi voqealarga munosabat bildirib, xalqimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda har bir davlat xizmatchisini o‘z vazifasiga qonuniy va mas'uliyat bilan yondashishga chaqirgan.

Anvar Mustafoqulov.

Top