01:12 / 03.06.2020
12262

AQShda talabalarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan olti politsiyachiga ayblov e'lon qilindi

O‘tgan hafta oxirida Atlantada bir necha nafar politsiyachi ichida ikki nafar qora tanli talaba yigit va qiz bo‘lgan mashinani to‘xtatishgani tasvirlangan videoyozuv tarqalgandi. Politsiyachilar yoshlarni avtomobildan tushirishgan va ularga qarshi elektroshokerlar qo‘llagan.  

Foto: AP

Jorjiya shtati hukumati Atlanta shahridagi sobiq va ishlayotgan olti politsiyachiga qora tanli ikki talabani qo‘lga olish chog‘ida shafqatsizlik qilgani uchun ayblov e'lon qildi. Bu haqda Fulton okrugi prokurori Pol Hovard ma'lum qildi. 

O‘tgan hafta oxirida Atlantada bir necha nafar politsiyachi ichida ikki nafar qora tanli talaba yigit va qiz bo‘lgan mashinani to‘xtatishgani tasvirlangan videoyozuv tarqalgandi. Politsiyachilar yoshlarni avtomobildan tushirishgan va ularga qarshi elektroshokerlar qo‘llagan.  

31 may kuni ikki politsiyachini ishdan bo‘shatishga qaror qilindi.  

Hovardning so‘zlariga ko‘ra, voqea haqidagi barcha ma'lumotlar to‘plangan. Hibsga olishda qatnashganlarga og‘irlashtiruvchi holatda hujum qilish, do‘pposlash, mulkka ziyon yetkazish ayblovlari qo‘yilgan. 

Okrug prokurorining aytishicha, ularni hibsga olish uchun order berilgan.

Hovard politsiyachilar talabalarga qarshi bir necha marta elektroshoker qo‘llaganini ta'kidladi. Yoshlarni shuningdek, kaltaklashgan. Hovard politsiyachilarning talabalarning yonida o‘tochar qurol bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi iddaolarini ishonchsiz deb hisoblashini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada afroamerikalik Jorj Floyd soxta puldan foydalanganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Politsiyachilardan biri Derek Shovin Floyd nafas ololmay qolganini aytishiga qaramasdan, uning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turgan. Bu holat tasvirlangan lavha internetda tarqaldi.

Floyd bir necha soatdan keyin kasalxonada vafot etdi. Uni qo‘lga olishda ishtirok etgan to‘rt politsiyachi ishdan bo‘shatildi. Shovin qotillikda ayblanib hibsga olindi.

 

Mavzuga oid
Top