08:30 / 03.06.2020
3271
Farg‘ona xalqaro aeroportidan yuklarni xorijga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jo‘natish imkoniyati tiklandi 

17 yillik tanaffusdan so‘ng Farg‘ona xalqaro aeroportidan yuklarni xorijiy davlatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jo‘natish imkoniyati qayta tiklandi.

Foto: Transport vazirligi

Farg‘ona viloyatidan xorijga ho‘l mevalar eksporti bilan shug‘ullanayotgan RTL logistics, UZ-Segong, XinFergana korxonalari tomonidan bo‘lgan murojaatlar va ushbu korxonalarning faoliyati Transport vazirligining aeroportlarni rivojlantirish va yer usti ta'minoti boshqarmasi mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.

Vazirlik xabarida aytilishicha, eksportyor korxonalar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ho‘l mevalarni Farg‘ona viloyatidan Qamchiq dovoni orqali Toshkent xalqaro aeroportiga yuk mashinalarida yetkazib borish jarayonidagi qiyinchiliklar, qolaversa, ushbu jarayon transport xarajatlarining ortib ketishiga bu esa o‘z navbatida eksportga yuborilayotgan mahsulotlar narxining ko‘tarilishiga sabab bo‘layotgani tufayli ushbu hududning o‘zidan yuk aviaqatnovlarini tashkil etish masalasi o‘rganib chiqildi.  

Eksportyor korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida UZ-Segong va XinFergana korxonalari tomonidan eksport uchun tayyorlanayotgan 50 tonna gilos mahsuloti 1 iyun kuni Farg‘ona xalqaro aeroportidan Koreyaning Seul xalqaro aeroportiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilishi ta'minlandi.

Mazkur jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida, Namangan xalqaro aeroportidan havo kemasi sahniga yuklarni ortish uchun ishlatiladigan maxsus texnika vositalari (Triple) hamda Toshkent xalqaro aeroportidan esa maxsus yevropaddonlar Farg‘ona xalqaro aeroportiga olib kelindi. Havo kemasi yetib kelguniga qadar esa aeroportning yuk tashuvlari bo‘limi xodimlariga maxsus texnikadan foydalanish va yuk tashish havo kemasiga yuklarni ortish mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Bildirilishicha, barcha tashkiliy masalalar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, 50 tonna gilos mahsulotini Seul shahriga yuborish amaliyoti omadli yakunlandi, xorijga Farg‘ona xalqaro aeroportidan yuklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish imkoni yaratildi.

Top