11:08 / 03.06.2020
87233
O‘zbekistonda iyul oyidan Volkswagen avtomobillari sotuvi boshlanishi rejalashtirilmoqda

«Jizzax Avto» bazasida Volkswagen Caddy yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish boshlanmoqda.

Foto: O‘zavtosanoat

Joriy yilning mart oyida «O‘zavtosanoat» AJ va «Folksvagen Grup Rus» konserni o‘rtasida «Jizzax Avtomobil Zavodi» MChJ kompaniyasi bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida Kelishuv imzolangan edi. 

Volkswagen Caddy

«O‘zavtosanoat» xabarida aytilishicha, bugungi kunda 45 gektar maydonda joylashgan zavodning qurilish ishlari yakuniy bosqichida turibdi. Zavod va ofisning asosiy qismi binolari bitkazildi va foydalanish uchun tayyor.

Yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarish jarayonini jadallashtirish maqsadida O‘zbekistonga Volkswagen Caddy avtomobillarining bir qismi keltirilib, ular sertifikatsiya bo‘yicha vakolatli organlarga iqlim sinovlari va omologatsiya bo‘yicha maxsus tekshiruvlardan o‘tkazish uchun topshirildi. Hozirda «O‘zstandart» agentligi tomonidan sertifikatsiyalash va transport vositalarining amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash, jumladan sertifikatsiyalovchi organ tomonidan nazorat iqlim tekshiruvlari va Umumiy texnik reglament talablariga binoan boshqa sinovlarni o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida «Jizzax Avto» MChJ tomonidan «Folksvagen» dilerlik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida respublika hududlaridagi qator dilerlik korxonalar hamkorlik qilish uchun tanlab olindi. Volkswagen Caddy rusumli avtomobillar savdosi shu yilning iyul oyidan boshlanishi rejalashtirilmoqda.

Volkswagen Caddy - 7 o‘rindiqli (5-o‘rindiqli ko‘rinishi ham mavjud) yo‘lovchi va yuk miniveni. Avtomobil ham biznes yuritishga, ham oilaviy foydalanish uchun to‘g‘ri keladi. Tejamkor va texnologik (MPI) dvigatel 1,6 litr quvvatga ega, benzinda ishlaydi. Yoqilg‘i sarfi – shaharda 100 km.ga 9,3 litr, trassada  100 km.ga 6,1 litr.

Top