16:31 / 03.06.2020
77902
So‘x tumaniga yangi hokim tayinlandi

Farg‘ona viloyati So‘x tumaniga Sayidbahrom Sayidmusayev hokim etib tayinlandi. U 2019 yildan buyon tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Farg‘ona viloyati So‘x tumaniga yangi hokim tayinlandi.

So‘x tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Sayidbahrom Sayidmusayev tuman hokimi etib tayinlangan.

Sayidbahrom Sayidmusayev

Podpolkovnik S.Sayidmusayev 1970 yilda Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona davlat universiteti, IIV akademiyasini tamomlagan. Quvasoy shahar IIB, Beshariq tumani IBB, Qo‘qon shahar IIB boshlig‘i hamda viloyat IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlagan. U  2019 yildan buyon So‘x tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

So‘x tumanining avvalgi hokimi podpolkovnik Farrux Usarov ham ichki ishlar organlaridan chiqqan. U 2015 yildan Quva tumani IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangan, 2016 yil sentyabrida Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jinoyatchilikning oldini olish bo‘limi boshlig‘iga aylangan. U 2019 yildan So‘x tumani hokimi sifatida ish boshlagan.

Qayd etish kerakki, Farrux Usarov «Chashma» bulog‘ida yuz bergan mojarolardan avvalroq lavozimidan bo‘shatilgan. 19 may kuni prezident ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi. Xususan, Bo‘stonliq, Muborak, Yakkabog‘, To‘rtko‘l, So‘x tumanlari va Ohangaron shahri qatorida Marhamat tumanida ham tadbirkorlar tomonidan e'tirozlar ko‘pligi ma'lum bo‘lgani aytilgandi. Keyinchalik ushbu ro‘yxatdagi tumanlarning deyarli barchasida hokimlar ishdan olingan.

So‘x tumaniga 20 maydan moliya ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Mashrabjon Islomjonovich Sharipov vaqtincha hokim sifatida ishlab kelayotgandi. 

Top