23:37 / 03.06.2020
62338
«Suvi, joyi, xavfsizligiga qarash kerak» – Prezident so‘xliklar yillar davomida qiynalib yashagani haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda kambag‘allikni qisqartirish, o‘rta va yirik shaharlarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda So‘x tumanidagi voqealarga to‘xtaldi.

Prezident bu hududdagi og‘ir vaziyat kecha yoki bugun paydo bo‘lmaganini, bu yerda odamlar ishsizlik va yashash sharoiti og‘irligidan aziyat chekib kelganini ta'kidladi.

«Ayniqsa, chegaradosh hududlarda kambag‘allikni kamaytirish va shu tumanlar iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi uchun zarur sharoitlarni tashkil etish bo‘yicha alohida yondashuv bo‘lishi kerak.

Mana, Ramatovga qo‘shimcha topshiriq berildi. Har oyda ikkitadan chegaradosh hududda bir haftadan yashaydi. Kerak bo‘lgan odam, uning hamma vakolati bor. Bilardiku, shu chegardosh hududni. Nega borib So‘xda yotib kelmagan?!

Endi ana shunday chegaradosh hududlarning alohida ro‘yxatini qilamiz, bosh vazir o‘rinbosari borib infratuzilma va boshqa masalalarini o‘rganadi. Bizni oldinroq ogoh qiladigan tizim yaratishimiz kerak.

Chegaradosh hududlarning suvi qanday, joyi qanday, xavfsizligi qanday, vaziyat qanday, ichkaridagi muhit qanday – Ramatov bosh. Keyin siz yetib borasiz (A.Aripov – tahr). Ramatov diagnoz qo‘yadi, davolashga siz. Diagnoz deganim, hamma narsani bilish kerak. Mana, o‘zingiz ko‘rdingiz odamlarning kayfiyatini. Oddiy-oddiy masalalar-ku! Hech qiyin masala qo‘yilgani yo‘q, bemalol hal qilsa bo‘ladi.

Yillar davomida hech kim bormagan. Juda bo‘lmasa «u xalq yomon, og‘ir xalq» deganmiz. Nimaga yomon, talab qilish yomonmi?! Adolat-ku talab qilish. Bu jarayon juda ko‘p saboq berdi. Juda katta saboq», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari aholi kayfiyati, muammolari, talab va ehtiyojini oldindan biladigan tizim yaratish lozimligi haqida gapirdi. Nafaqat chegaradosh hududlar, balki iqtisodiy ahvoli og‘ir bo‘lgan boshqa tumanlarda ham aholi bandligi, yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha bir oy ichida dastur tayyorlash yuzasidan topshiriq berdi.

Top