21:55 / 03.06.2020
47798
Toshkentda koronavirus bemorlarining yana biri vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirusga chalingan bemorlardan biri o‘pka-yurak yetishmovchiligi va bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishidan vafot etgani to‘g‘risida xabar qildi. Endilikda O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 16 nafarga yetdi.

«Toshkentlik M.da 2 iyun kuni Covid-19 aniqlanib, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan edi. 72 yoshli (erkak) bemor uzoq yillardan buyon  yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligi, qandli diabetning ikkinchi turi tashxisi bilan davolanib kelgan. 2000 va 2019 yillarda u ikki marta miokard infarktini o‘tkazgan.

Bemorning davolanishi davomidagi kunlik ahvoli mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari nazoratida bo‘lgan. Bundan tashqari, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorlari tomonidan konsiliumlar o‘tkazib turilgan. Biroq mutaxassislarning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan jonlantirish bo‘limida sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor o‘pka-yurak yetishmovchiligi, bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishidan vafot etdi», deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari o‘limi bilan bog‘liq holat oxirgi marta 31 may kuni Toshkentda qayd etilgandi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 7, Namanganda 4, Samarqandda 2, Farg‘ona va Surxondaryoda bittadan o‘lim ro‘y bergandi.

3 iyun kuni kuni soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan zararlanish bilan bog‘liq 3815ta holat aniqlangan, bemorlarning 3014 nafari sog‘aygan. Shifoxonalarda 786 bemor davolanmoqda, ulardan 9 nafari og‘ir ahvolda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top