14:50 / 03.06.2020
6027
Yozda yo‘llarda uy sharoitida tayyorlangan ayron, go‘ja yoki salqin ichimliklar sotish mumkin emas - Otabekov

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda yoz faslida yo‘l bo‘ylarida ayron, gazli suv va go‘ja sotishga ruxsatnoma olish uchun qayerga murojaat etish kerakligi haqidagi savolga javob qaytardi.

«Ruxsat etilmagan katta yo‘l yoqalari, noturg‘un joylarda barcha turdagi mahsulotlarni, jumladan uy sharoitida tayyorlangan salqin ichimliklar, bochkalardagi morslar, freyzerda quyib beriladigan muzqaymoqlar sotilishi qat'iyan man etiladi.

Noqonuniy ko‘cha savdosi nazorati Vazirlar Mahkamasining 378 va 251-sonli qarorlari bilan ichki ishlar va soliq organlariga yuklatilgan», degan u.

Brifingda karantinga olingan uy zina tutkichlari va lift tugmalari qancha vaqtda dezinfeksiya qilinishi haqidagi savolga ham javob berildi.

«Ko‘p qavatli uylarda pod'yezdlar, zinapoyalar, tamburlar, lift kabinalari, holllar, chiqindi tashlash joylarida joriy va yakuniy dezinfeksiya ishlari o‘tkaziladi. Ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi salomatligiga dezinfeksiya vositalarining salbiy ta'sirini kamaytirish maqsadida oldindan ogohlantirish beriladi. Joriy dezinfeksiya ishlari kuniga 2 marta, ya'ni ertalab va kechqurun o‘tkaziladi», dedi Nurmat Otabekov.

Top