10:16 / 04.06.2020
5631

Biznes-ombudsman tomonidan Davlat soliq qo‘mitasiga ogohnoma kiritildi 

4 208 nafar tadbirkorga bugungi kunga qadar to‘lanmagan 145,5 mlrd. so‘m asosiy qarzdorlik va ushbu qarzdorlikka nisbatan hisoblangan 3,7 mlrd. so‘m qiymatidagi penyalar mavjudligi aniqlandi.

Biznes-ombudsman tomonidan Davlat soliq qo‘mitasiga ogohnoma kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Biznes-ombudsman tomonidan O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son va 2020 yil 3 apreldagi PF-5978-son farmonlari bilan berilgan imtiyozlar koronavirus pandemiyasi davrida davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi holati tizimli ravishda o‘rganilmoqda.

Ushbu farmonlar bilan tadbirkorlik sub'yektlarini foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlarga, shu jumladan 2020 yil 1 aprelga qadar aniqlanganlarga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, shuningdek, ko‘rsatilgan soliqlar bo‘yicha oshirilgan stavkalarni qo‘llash natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikka nisbatan penya hisoblash va majburiy undirish choralarini ko‘rish tartibi 2020 yil 1 apreldan 31 dekabrga qadar to‘xtatilishi belgilangan.

O‘tkazilgan tahlillar natijasida, 4 208 nafar tadbirkorlarga bugungi kunga qadar to‘lanmagan 145,5 mlrd. so‘m asosiy qarzdorlik va ushbu qarzdorlikka nisbatan hisoblangan 3,7 mlrd. so‘m qiymatidagi penyalar mavjudligi aniqlandi.

Mazkur holat bo‘yicha Biznes-ombudsman tomonidan Davlat soliq qo‘mitasiga ogohnoma kiritildi. Natijada Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda ta'sirchan soliq qo‘llash natijasida tadbirkorlarning bank hisobvaraqalariga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalari chaqirtirib olindi hamda mazkur turda chiqarilgan sud qarorlari ijrosini 2020 yil 31 dekabrga qadar to‘xtatish to‘g‘risida sudlarga iltimosnomalar kiritildi.

Top