20:51 / 04.06.2020
12209

Sud Poroshenkoni so‘roqqa majburiy ravishda olib kelishga ruxsat berdi 

Kiyev sudi Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenkoni tergovlar davlat byurosiga majburiy ravishda olib kelishga ruxsat berdi. 

Ta'kidlanishicha, so‘roq 10 iyunda byuroda bo‘lib o‘tadi. Gap Ukrainaning bojxona chegarasidan bojxona nazoratidan yashirgan holda mashhur rassomlarning 43 ta suratidan iborat madaniy qadriyatlar to‘plamining olib o‘tilishi bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilinish haqida bormoqda. 

Poroshenko ushbu ish bo‘yicha 26 may kuni, so‘ngra 29 may kuni takroran so‘roqqa chaqirtirilgan. Biroq sobiq prezident ikkala so‘roqqa ham kelmagan. 

Bu ish Poroshenko ishtirokchi sifatida o‘tayotgan yagona jinoiy ish emas. 2019 yil oktyabrda tergovlar davlat byurosida Poroshenko 12 ta jinoiy ish bo‘yicha guvoh sifatida o‘tayotgani ma'lum qilingan. Dekabrda esa byuro Ukrainaning sobiq prezidentiga 2015 yilda Minsk kelishuvlarini imzolash vaqtida davlatga xiyonat qilganlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. 2020 yil yanvarda byuro Poroshenko 16 ta jinoiy ish bo‘yicha  27 marta so‘roqqa kelmaganini ma'lum qilgan.

2020 yil aprelda Ukraina bosh prokuraturasi Poroshenkoga nisbatan 2017 va 2019 yillarda oliy sudga sudyalarni tayinlash haqidagi farmonlar bo‘yicha birdaniga 4 ta modda bo‘yicha yangi jinoiy ish qo‘zg‘atgan. 20 may kuni sobiq prezidentga nisbatan bir necha kishi Ukrainaning sobiq bosh prokurori Viktor Shokinni iste'foga jo‘natishni muhokama qilayotgan audioyozuvlar sababli davlatga xiyonat va hokimiyatni suiiste'mol qilish moddalari bo‘yicha yana bir ish ochilgan. Audioyozuvdagi odamlar ovozlari Poroshenko, AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden va sobiq davlat kotibi Jon Kerrinikiga o‘xshash bo‘lgan. 

Umuman olganda, Ukrainaning sobiq prezidenti ayni vaqtda 18 ta jinoiy ish bo‘yicha guvoh yoki ishtirokchi sifatida o‘tmoqda.

Mavzuga oid
Top