15:31 / 04.06.2020
19592

Yuridik ta'lim olmoqchi bo‘lgan abituriyent ham 3ta yo‘nalishni tanlashi mumkin – TDYuU rektori

Joriy yil yuridik yo‘nalishga topshiradigan abituriyentlarning ham 3 ta yo‘nalishni tanlash imkoni bor. Hozir Toshkent va Qoraqalpoq yuridik universitetlari faoliyat yuritmoqda. Abituriyent ulardan birini tanlashi mumkin. Agar viloyatlardagi yuridik fakultetlar ham ochilsa, tanlash imkoni yana oshadi

Bugun, 4 may kuni qabul yangiliklariga bag‘ishlangan brifingda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov yuridik ta'lim bo‘yicha qilinayotgan yangiliklar haqida ma'lumot berdi. 

«Termiz, Samarqand va Namangan davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etilishi belgilangan. Bu borada esa ularda faoliyat yuritishi lozim bo‘lgan kadrlarni saralab olish muhim. Shuning uchun oxirgi 5 yil ichida Toshkent davlat yuridik universitetini a'lo baholar bilan tugatgan magistrlar ro‘yxati shakllantirilib, yuridik fakultetlar ochilishi lozim bo‘lgan universitetlarga yetkazildi. Ayni paytda ular bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda. 

Dekanlikka nomzod sifatida esa Toshkent davlat yuridik universitetining malakali o‘qituvchilari tavsiya etilgan», - dedi Rahim Hakimov brifingda. 

Rahim Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, yangi tashkil qilinadigan yuridik fakultetlarning o‘quv dasturlari namunaviy tarzda tashkil etiladi. Bu borada ishlar bir hafta ichida tugatilishi kerak. 

«Lekin yangi yuridik fakultetlar uchun joriy yildan qabul boshlanishi o‘sha universitetlarning o‘ziga bog‘liq. Qaysi universitet o‘qituvchilarni tayyorlab, fakultetlarni ocha olsa, o‘quv dasturlari bilan ta'minlashni o‘z bo‘ynimizga olamiz», - deya Rahim Hakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Bundan tashqari, Rahim Hakimovning qo‘shimcha qilishicha, joriy yil yuridik yo‘nalishga topshiradigan abituriyentlarning ham 3 ta yo‘nalishni tanlash imkoni bor. 

«Hozir Toshkent va Qoraqalpoq yuridik universitetlari faoliyat yuritmoqda. Abituriyent ulardan birini tanlashi mumkin. Agar joriy yildan viloyatlardagi yuridik fakultetlar ham ochilsa, tanlash imkoni yana oshadi», - dedi Rahim Hakimov.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top