21:11 / 05.06.2020
2062
Bundan buyon qonun loyihalarini ishlab chiqqan idora uni parlamentda ham o‘zi himoya qilishi ma'lum qilindi

Shu paytgacha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan qonun loyihalarini tegishliligi bo‘yicha qo‘mita a'zolari himoya qilib kelishgan. Quyi palata axborot xizmati Hojiakbar To‘laganovning Kun.uz’ga xabar berishicha, bundan buyon qonun loyihalari qaysi vazirlik yoki idora tomonidan tayyorlangan bo‘lsa, parlamentda ham qonun loyihasini ular himoya qilishadi, deputatlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarishadi.

“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qonun loyihasi vakolatli tashabbuskor idora tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilganidan so‘ng uni muzokaralarga tayyorlash hamda birinchi va keyingi o‘qishlarda parlament a'zolari oldida himoya qilish deputatlar tomonidan amalga oshiriladi. Bu esa o‘z navbatida tashabbuskor idoralarning sifatli qonun loyihalarini ishlab chiqishdagi mas'uliyatining susayishiga, natijada, ba'zi hollarda Qonunchilik palatasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega bo‘lmagan, amaldagi qonun hujjatlari talabiga mos kelmaydigan qonun loyihalarining kirib kelishiga sabab bo‘layotgan edi.

Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini ko‘rib chiqishning mutlaqo yangi amaliyoti joriy etilishi kutilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a'zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasi ushbu masala o‘z aksini topgan”, deya Hojiakbar To‘laganovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinovning ta'kidlashicha, qonunchilik tashabbusi huquqi sub'yekti tomonidan qonun loyihasi taqdiriga mas'uliyatsizlik bilan yondashishi o‘z navbatida uning sifatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

“O‘tgan besh yil davomida Qonunchilik palatasi tomonidan 627 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, loyihalarning 60-70 foizi Qonunchilik palatasida qayta ishlanmoqda. Bunda qonun loyihalarini keyingi o‘qishlarga tayyorlashda deputatlar tomonidan ko‘p vaqt va resurs sarflanib, parlament a'zolarining saylovchilar bilan ishlash hamda parlament nazoratini tashkil etish bian bog‘liq faoliyatiga salbiy ta'sir o‘tkazmoqda.

Ayni paytda Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlanayotgan qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi hamda “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi qonunlarning tegishli moddalariga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinayotganda ma'ruza bilan chiqib, uni konseptual asoslash hamda deputatlar oldida himoya qilish vazifasi qonunchilik tashabbusi huquqi sub'yekti yoki uning vakiliga yuklash taklif etilmoqda. 

Ushbu qonunning qabul qilinishi qonun loyihalarini tayyorlashda tashabbuskor idoralarning mas'uliyati oshishiga, qonun loyihalari sifatining yaxshilanishiga, tashabbuskor idora vakili qonun loyihasining ahamiyatini deputatlar oldida asoslab bera olmagan hollarda loyihani ko‘rib chiqishni rad etish amaliyotining kengayishiga xizmat qiladi”, deydi u.

Top