17:09 / 05.06.2020
17730
Oliy sud «Yangiobod» turbazasini tortib olish bo‘yicha hokim qarorini bekor qildi

Oliy sudning ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati sudyasi Ahatova Shahnoza 5 iyun kuni «Yangiobod» turbazasi bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, tadbirkor shikoyati qanoatlantirilgan.

Foto: Yangiobod turbazasi

Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ochiq sud majlisida «Yangiabad Jemchujina Chatkala» MChJ faoliyatiga oid 2019 yil 19 martda qabul qilingan Nurafshon shahar ma'muriy sudi qarori va 2019 yil 30 aprelda ushbu ish bo‘yicha qabul qilingan Toshkent viloyat ma'muriy sudining ajrimi bekor qilindi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati hokimining «Yangiobod» turbazasining davlat foydasiga olib qo‘yilishi bo‘yicha 2019 yil 25 yanvarda imzolagan qarori ham bekor qilindi. Oliy sudning ushbu qarori qabul qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.

2019 yili aprel oyida Kun.uz'ga intervyu bergan tadbirkor Ali To‘xtayev «Yangiobod» turbazasi ishini Oliy sudga olib chiqishini bildirgandi. U o‘shanda viloyat sudida chiqarilgan qarorga munosabat bildirgandi.

«Biz sudning bugungi qaroridan norozimiz, bizda Oliy sudga apellyatsiya berish imkoniyati bor va biz bu imkoniyatdan albatta foydalanamiz», – dedi To‘xtayev. 

Toshkentdan 120 km uzoqlikda, Angren atrofida joylashgan «Yangiobod» turistik bazasi sohiblari (2019 yili voqealar yuz bergan paytda ushbu lavozimda ishlagan) Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimovning ushbu obektni davlat foydasiga olib qo‘yish haqidagi qaroridan norozi bo‘lishgandi. 

Ular turbaza hududini O‘zbekiston Milliy gvardiyasi vakillari qurshab olgani va u yerga hech kimni kiritilmayotgani haqida xabar qilganidan so‘ng, mazkur voqea shov-shuvli tus olgandi.

Top