10:30 / 05.06.2020
15685
«Tomorqani sug‘orish uchun suv sotib olib, yomg‘ir suvini ichyapmiz» - Namangandagi suvsiz Bahoriston haqida

Kun.uz tahririyatiga Namangan viloyati, Kosonsoy tumanining qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegara hududidagi Qoratog‘ yonbag‘rida joylashgan Bahoriston qishlog‘idan murojaat kelib tushdi. Shu manzil tomon yo‘l oldik.

Aholida mavjud muammolar shuni ko‘rsatdiki, Bahoriston nomi qishloqqa umuman yarashmay qolibdi. Sababi – 600dan ziyod xonadon istiqomat qiluvchi hudud suvsizlikdan qiynalib yashamoqda.

Yaxshiyamki, tog‘li hududda yog‘ingarchilik miqdori ko‘p. Xonadon egalari katta sig‘imdagi suv saqlash idishlari va hovuzlarini oqin suv hamda yomg‘ir suvi bilan to‘ldirib olishadi. Bu suvdan ro‘zg‘or, tomorqani sug‘orish, kir yuvish va hattoki iste'mol qilish uchun foydalanishar ekan.

Hozirgi kunda esa tomorqani 50-80 ming so‘mdan suv sotib olib sug‘orishmoqda.

Kosonsoy tuman irrigatsiya bo‘limiga qarashli «Toshqo‘rg‘on» suv nasos stansiyasi 3 maydan beri mahallani muqim oqin suv bilan ta'minlay olmayapti. Mahalla ahli nasos stansiyasiga murojaat qilganida, elektr bo‘yicha ajratilgan limit tugaganini aytishgan.

Ba'zida oqib keladigan suv mahalla yerlari toshloq bo‘lgani sabab yerga tezda singib ketadi. Oqibatda esa oz miqdorda berilgan suv mahalla ahlining bir-biri bilan tortishuvlariga sabab bo‘lmoqda.

«Tomorqa sug‘orish uchun suv sotib olib, yomg‘ir suvini ichyapmiz»

Toshqo‘rg‘on ko‘chasida istiqomat qiluvchi, ichimlik suvi va ekinlarni sug‘orish uchun oqin suv muammosi ichida yashayotgan odamlarning arziga quloq tutdik.

    

«15 yil oldin xonadonimizga hovuz qazdirganmiz. Uni bir oyda bir marta to‘ldirib olamiz. Tomdan tushadigan yomg‘ir suvi to‘planishi uchun tarnovni ham hovuzga moslashtirib o‘rnatdik. Bolalarim va nevaralarim ham shu suvdan iste'mol qiladi. Tomorqani ham sug‘oramiz.

Suv tugab qolsa, turmush o‘rtog‘im qo‘shni qishloqdan «bidon» idishda olib keladi. Suv saqlanib turgan sari hidlanib ketadi. Ilojimiz yo‘q, o‘sha suvni tindirib ichamiz», – deydi Bahoriston mahallasi fuqarosi Marg‘uba Siddiqova.

«Bu yil bir sotix yerga daromad olish maqsadida issiqxona kilgandim. Ko‘chatlarni ekayotgan paytda suv bor edi. Ekib bo‘lganimizdan keyin oqin suv kelmay qoldi. Ko‘chatlarga rahmim keldi. Sug‘orish uchun suvni 60-80 ming so‘mdan sotib olamiz.

Sotib olgan suv issiqxona va bog‘ni bir marta sug‘orib olishga yetadi. Hozirgi kunda pomidorlar pishdi hisob. Lekin suv muammo. Bu qachongacha?.. Pulimizni suv sotib olish uchun sarflayapmiz.

Oqin suv bo‘lganda, kattaroq issiqxona qilish rejalarimiz bor. Bu holat yana shunday davom etsa, mehnat va harajat qilib amalga oshiradigan bo‘lsak, issiqxonani buzib tashlab, ishlash uchun Rossiyaga ketishga to‘g‘ri keladi. Boshqa ilojimiz yo‘q.

Bu yerni shu darajaga yetkazguncha, qancha toshlarni olib chiqdik. Suvli joylarda ham bunchalik meva oladiganlar kam topiladi. Shuncha mehnat qildik, lekin suv muammo», – deydi Bahoriston mahallasida yashovchi Qobiljon Qodirov.

Mahallada oqin suv bo‘lmasa-da tomorqa va bog‘larida mehr bilan mehnat qilishadi. Xonadonlarda suv to‘playdigan hovuzlar qilingan. Biroq hovuzdagi suv ham tomorqa sug‘organi yetmaydi. Ekilgan daraxt va ko‘chatlar qurib yotibdi.

«Suv ko‘chamizga kelguncha oradagi masofa 9 km 400 metr. Bizga 3 may kuni suv berilgan. Shundan beri suv kelmadi. Kecha 50 ming so‘mga suv sotib olib, tomorqamni sug‘organdim. Uning ustiga kecha jala yog‘di. Shu paytgacha yomg‘ir bilan ekinlarni ko‘kartirib oldik.

Ko‘p joylarga murojaat qildik. Nahotki, bizda 10 km.ga suv tortib bera olishmasa? Vodoprovod suvi umuman yo‘q. Bir «bidon» ichimlik suvini o‘n ming so‘mdan sotib olamiz. Kerak bo‘lsa, yomg‘ir suvini ham ichyapmiz. Bolalar kasal bo‘lmoqda.

Bizning qishloqda rivojlanish umuman yo‘q. Suv bo‘lsa, yashnatib yuborgan bo‘lardik. O‘ttiz yilgi daraxtlar qurib yotibdi. Uch yil oldin yashash uchun yer berilgan edi. Odamlar suv yo‘qligidan uylarini buzib, ko‘chib ketishyapti.

Aprel oyida suv nasosini yurgizgani elektrga limit tugadi, deyishdi. Sentabr oyigacha tomorqalarimizni qanday sug‘oramiz? Ariza bilan murojaat qilgan edik, «bir oydan keyin kelinglar», deyishdi.

Tomorqadagi ekinlarimiz tashnalikdan qaqshab yotibdi. Bir oydan keyin daraxtlarimiz ham qurib bo‘ladi-ku! Suv yo‘qligi uchun mol-qo‘y ham boqa olmaymiz», – deydi Bahoriston mahallasida yashovchi Abdusamad Eshonjonov.

Mahalla mirobi Yahyoxon Yusupovning aytishicha, tuman «Suv xo‘jaligi» tashkiloti rahbari, suv tortuvchi nasos uchun elektr energiyasi limiti tugagani uchun nasosni yurgizishga ruxsat bermayapti.

Qishloq 1984 yildan beri shu holatda yashab kelmoqda Mutasaddilar va'dalaridan esa samara yo‘q.

Kosonsoy tuman hokimligida

Tuman hokimligida bo‘lib, Bahoriston mahallasidagi holat bo‘yicha mutasaddilardan izoh so‘radik.

«Haqiqatan ham Bahoriston mahallasi tomorqalariga oqin suv nasos orqali yetkazib beriladi. May oyida bir necha kun katta nasosda uzilish bo‘ldi. Lekin kichkina nasos bilan aholini oqin suv bilan bir maromda ta'minlab kelindi. Hammasi bartaraf etildi. Ayni paytda katta nasos ham ishlab turibdi. Aholini grafik asosida suv bilan ta'minlab beramiz», – deydi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi Kosonsoy ishlab chiqarish bo‘limi rahbari Ravshanxon Saidkamolov.

Hokimiyat vakilining fikricha, Bahoristondagi ichimlik suvi masalasi «dasturga kiritilgan», oqin suv bo‘yicha esa «muammo qolmagan». Bu esa mutasaddilarning o‘sha hududga borib aholi muammolarini chuqur o‘rganmaganidan dalolat berib turibdi.

Balki bizning maqola va videolavhalarimizdan so‘ng Bahoristonga suv borar...

Sarvarbek Nazarov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top