16:23 / 05.06.2020
6835
Tramp Amerika fuqarosini ozodlikka chiqargani uchun Eronga minnatdorlik bildirdi

Maykl Uayt Eron diniy rahnamosi oyatullo Ali Hominaiyni haqorat qilish va internetda hukumatga qarshi so‘zlar yozganlikda aybdor deb topilgandi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘n yilga ozodlikdan mahrum qilingan Amerika fuqarosini ozodlikka chiqargani uchun Eronga minnatdorlik bildirdi.  

"Maykl uydaligi qanday yaxshi. Hozirgina keldi. Hayajonga solmoqda. Eronga rahmat. Yirik kelishuv tuzish uchun AQShdagi saylovlar tugashini kutmang. Men g‘alaba qozonmoqchiman. Eng yaxshi kelishuvni hozir tuzing!" – deb yozdi Tramp Twitter sahifasida.

AQSh flotining 48 yoshli veterani Maykl Uayt OAVning xabariga ko‘ra, 2018 yil iyulda sevgilisining oilasi bilan ko‘rishish uchun Eronga borganida hibsga olingan. 

U Eron diniy rahnamosi oyatullo Ali Hominaiyni haqorat qilish va internetda hukumatga qarshi so‘zlar yozganlikda aybdor deb topilgan.

U 4 iyun kuni Shveytsariya hukumati samolyotida Eronni tark etdi. AQSh Eron bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatmaganligi uchun uning nomidan Shveytsariya qatnashadi.

O‘z navbatida AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Eron hukumatini AQShning yana uch nafar fuqarosini ozod qilishga chaqirdi. 

Bundan bir oz avval 2016 yilda AQShda hibsga olingan eronlik olim Sayrus Asqariy ozodlikka chiqib, Eronga qaytgandi.

Top