11:36 / 05.06.2020
32999

«Yashil» hududlardagi masjidlarda ibodatlarni tashkil etish bo‘yicha talablar belgilandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi karantin davrida masjidlar faoliyatini tashkil etish yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Respublika maxsus komissiyasi xabarida karantin talablariga amal qilish asosida ayrim faoliyat turlariga ruxsat berildi. Masjidlar 2020 yil 8 iyundan boshlab faqat «yashil» hududlarda faoliyatini boshlashi, ushbu maskanlarda 5–8 iyun kunlari sanitar choralar ko‘rilishi e'lon qilindi.

«Haqiqatan, barcha mo‘min-musulmonlarimiz masjidlarda namoz o‘qishni juda sog‘inishdi, buni ilhaqlik bilan kutayotgandilar. Alhamdulillah, masjidlar eshiklari mo‘min-musulmonlarimizga yana ochildi, karantin mezonlariga amal qilgan holda «yashil» hududlarda fayzli ibodatlarni boshlaymiz. Qolgan «sariq» va «qizil» hududlarda yana bir oz sabr qilsak, ushbu kasallik xavfi kamaysa, u yerlarda ham masjidlar faoliyatiga ruxsat etiladi, insha Alloh», - deyiladi bayonotda.

Bildirilishicha, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar faoliyatini karantin davrida tashkil etish, masjid ish faoliyatini sanitariya-epidemiologik qoidalarga muvofiq yuritish va ibodatlarni ado etish uchun zarur shart-sharoitlarni hozirlash borasida quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi.

1. Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tuman-shahar kesimida «yashil» hudud sifatida toifaga ajratilgan mintaqalardagi masjidlarda 2020 yil 8 iyun, dushanba kuni bomdod namozidan boshlab, kunlik besh vaqt farz namozlarini ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda (1,5-2 metr) ado etish.

2. Masjidlarda ibodatlarni tashkil etish bo‘yicha quyidagi talablar belgilandi:

masjidning kirish joyini dezinfeksion «to‘shak»lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari bilan ta'minlash;

har bir namozxon tibbiy niqobda bo‘lishi, masjidga kirishda qo‘llarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;

masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish, tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;

tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovunlar bilan ta'minlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanish saqlangan hollarda foydalanish;

masjidda qo‘l berib yoki quchoqlashib salomlashish taqiqlanishi;

masjid binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;

masjid hududida har qanday ko‘rinishdagi savdo-sotiqni tashkil etmaslik, hadya va sovg‘alar tarqatmaslik;

rasman ruxsat berilgunga qadar juma namozlari tashkil etilmaydi;

masjid xodimlari va ko‘ngilli namozxonlardan yordamchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan masjid hududida karantin talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

masjidlar faoliyati joylardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari talablariga muvofiq tashkil etilishini ta'minlash kabi tavsiyalar joriy etiladi.

«Masjidlar faoliyati hududlar toifalari o‘zgarishiga qarab, muvofiqlashtirilib boriladi. Xususan, hududga «qizil» yoki «sariq» toifa berilishiga ko‘ra undagi masjidlar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari ushbu tavsiyalarni amalga oshirilishini ta'minlaydi va belgilangan vazifalarning bajarilishiga masjid imom-xatibi mas'ul hisoblanadi», - deyilgan bayonotda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top