08:31 / 06.06.2020
11408
202-zona: nega Google, Facebook va Amazon yuzlab milliard dollarni yo‘qotishi mumkin?

Dunyodagi eng yirik texnologik kompaniyalar - Amazon, Apple, Alphabet, Facebook - AQSh rasmiylarining monopoliyaga qarshi da'volari sababli o‘nlab va yuzlab milliard dollarni yo‘qotishi hamda katta jarimalarni to‘lashi mumkin. IT gigantlari uchun tahdid qanchalik real darajada?

AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari arafasida eng yirik texnologiya kompaniyalari Facebook, Google, Amazon va Apple monopoliyaga qarshi surishtiruvga duch kelishi mumkin, bu esa milliardlab dollar yo‘qotilishini anglatadi, deb yozmoqda Forbes.

AQShda koronavirus epidemiyasi boshlanishidan oldin va Twitter hamda Facebook prezident Trampning postlariga bo‘lgan munosabati tufayli kelib chiqqan mojaro markazida bo‘lishidan oldin, yirik IT kompaniyalar Vashingtonda o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun rekord miqdordagi mablag‘ni sarflashdi. Endi ularga har ikki tomon qarshi chiqmoqda: Demokratlar partiyasidan senator Emi Klobushar Uber’ning Grubhub ovqat yetkazib berish xizmatini sotib olishga urinishiga norozilik bildirmoqda, respublikachi senator Ted Kruz esa Google va Facebook’ni tekshirish vaqti kelgani haqida ma'lum qilmoqda.

Kongressda IT kompaniyalari to‘g‘risidagi hisobot iyun oyining oxirida e'lon qilinishi kutilmoqda, tahlilchilar esa raqobat holatiga bo‘lgan e'tiborning oshishi moliyaviy xavf keltirib chiqarishi haqida gapirmoqda. Mart oyida Morningstar tahlilchilari katta jarimalar va qattiq tartibga solish Google’ga egalik qiluvchi Alphabet shirkati narxini 15 foizga, Facebook aksiyalarining qiymatini esa 11 foizga tushirishini taxmin qilishdi. Hozirgi aksiyalar kotirovkasidan kelib chiqilsa, bu mos ravishda 150 va 70 milliard dollarni yo‘qotish degani.

Ammo Google va Facebook bunday vaziyatda qolgan yagona kompaniyalar emas. Amazon va Apple ham surishtiruvga duch kelishi mumkin, Twitter esa yaqinda Trampning g‘azabiga duch keldi. «Ushbu kompaniyalar 202-zonada ko‘p vaqt sarflashiga to‘g‘ri keladi», - deydi Wedbush tahlilchisi Den Ayvz Vashington kodini nazarda tutib.

Monopoliyaga qarshi surishtiruv jarayoni yangilik emas. Biroq, so‘nggi yillarda yetakchi texnologik kompaniyalariga qarshi harakatlar tobora kuchaymoqda, sababi ushbu sektorning eng yirik o‘yinchilari bir vaqtning o‘zida bozorning muhim ulushini egallab, dunyodagi eng qimmat kompaniyalarga aylandi. Masalan, Morningstar ma'lumotlariga ko‘ra, Google onlayn qidiruv bozorining 90 foizini va global onlayn reklama bozorining 41 foizini egallaydi, Facebook ijtimoiy tarmoqlar bozorida 59 foiz ulushni saqlab turibdi. Amazon va Apple elektron tijorat hamda mobil ilovalar sohasida yetakchi hisoblanadi.

Bozordagi bunday holat federal va shtat darajasidagi ko‘plab idoralarda savollar tug‘dirmoqda. Google yoz oxirigacha sud ishlarini boshlashni rejalashtirayotgan AQSh Adliya vazirligining diqqat markaziga tushib qoldi. Texas boshchiligidagi shtatlar guruhi onlayn qidiruv bozori yetakchisi raqobatga xalaqit qilmayotganini bilish uchun alohida tekshiruv o‘tkazmoqda. Nyu-York boshchiligidagi 47ta shtat Facebook’da reklama narxini tekshirmoqda. O‘tgan yili kompaniya Federal savdo komissiyasi Instagram va WhatsApp’ni sotib olish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan monopoliyaga qarshi qonunbuzarlik holatlarini tekshirayotganini ma'lum qilgandi.

Shu bilan birga, kelgusi bir necha hafta ichida Vakillar palatasi Sud qo‘mitasi Apple, Amazon, Google va Facebook tomonidan monopoliyaga qarshi qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha bir yillik surishtiruvni yakunlab, uning natijalarini e'lon qilishi kutilmoqda. Kompaniyalar sudga da'vo arizalarining «zanjirli reaksiyasidan» ehtiyot bo‘lishi kerak, deydi Pillsbury’ning hukumat organlari bilan aloqalar bo‘yicha guruhi rahbari Elizabet Meller, u ba'zi huquqiy masalalar bo‘yicha Facebook vakili sanaladi.

Kompaniyalar shunga o‘xshash holatlarga tayyorgarlik ko‘rishgan. So‘nggi yillarda ularning har biri Vashingtonda katta nufuzga ega bo‘ldi. Washington Post hisobotiga ko‘ra, 2010 yildan beri texnologik gigantlar federal hukumatda o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun qariyb 500 million dollar sarflashgan. Faqatgina 2019 yilda Facebook 17 million, Google 12 million, Amazon 16 million, Apple esa 10 million dollar sarfladi.

Kompaniyalar tajriba olish maqsadida o‘zlarining raqobatchisi - Microsoft’ga murojaat qilishi mumkin, u muhim, ammo ancha avval monopoliyaga qarshi surishtiruvda ishtirok etgan. Yigirma yil davomida Windows ning yaratuvchisi Adliya vazirligi, yigirmata shtat hamda Federal savdo komissiyasining diqqat markazida bo‘lib keldi, bu kompaniya veb-brauzerlar va operatsion tizimlar sohasida monopol mavqega ega degan shubha tufayli yuz berdi. Natijada, Microsoft monopoliya qonunlariga rioya qilish uchun bir qator choralarni ko‘rishga majbur bo‘ldi, ammo kompaniya AQShda hech qanday jarima to‘lamadi.

Microsoft va boshqa shunga o‘xshash kompaniyalar Yevropa rasmiylaridan ko‘proq zarar ko‘rdi. 2008 yilda Microsoft Yevropa ittifoqining antimonopol qonunlarini buzganligi uchun 1 milliard dollar miqdorida jarimaga tortildi, Google esa so‘nggi uch yil ichida Yevropa rasmiylariga shu kabi qonunbuzarliklar uchun 9 milliard dollar miqdorida jarima to‘ladi. 2017 yilda Yevropa ittifoqi Facebook’ga WhatsApp’ni sotib olish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun 122 million dollar jarima soldi.

Ehtimol, 2020 yilda bunday jarimalar ushbu kompaniyalarga katta narx bo‘lib ko‘rinmasligi mumkin. «Har qanday IT kompaniya uchun o‘zi qilmaydigan narsalar ro‘yxatini qabul qilgan holda, rasmiy kelishuvga erishish yaxshi natija bo‘ladi», - deydi Uorton biznes maktabining antimonopol huquqlar bo‘yicha o‘qituvchisi, ilgari Microsoft’ga qarshi tergov o‘tkazishda shtatlar hukumatlariga maslahat bergan Xerb Xovenkamp.

Ammo tahlilchilar fikricha, reallik umuman boshqacha bo‘lishi mumkin. Morningstar’ning taxminicha, Yevropadagi jarimalar to‘g‘risida ma'lumotlar hisobga olinsa, ilgari yuz bergan qonunbuzarliklar uchun AQSh hukumati Google'ga 13 milliard dollar, Facebook’ga esa 6 milliard dollargacha jarima solishi mumkin. Jarimalardan tashqari, yangi qonunchilik normalari va sud qarorlari yangi kompaniyalarni sotib olish imkoniyatlarini cheklashi mumkin, bu esa ularni tadqiqot va ishlanmalarga xarajatlarni oshirishga majbur qiladi, deydi Morningstar tahlilchisi Ali Mogarabi. «Monopoliyaga qarshi qonunlarni buzish bo‘yicha ayblovlar ular duch kelishi mumkin bo‘lgan eng jiddiy tahdiddir, - deydi Mogarabi. - Sababi, raqobatchilar ular uchun xavf tug‘dirmaydi».

Top