01:14 / 06.06.2020
56945
Koronavirus: dunyoda ikkinchi to‘lqin alomatlari va Yevropaning rejalari

Hindiston va Eronda zararlanish statistikasi yana ko‘tarildi, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqinini anglatishi mumkin. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari 1 iyulga qadar ichki chegaralarni ochishni muhokama qilishmoqda. Buyuk Britaniya va Shvetsiya Yevropadagi tashrif buyurish eng xavfli davlatlar deb hisoblanyapti. 

Foto: Getty Images

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshidan beri dunyo bo‘ylab 6,6 milliondan ortiq odam koronavirusni yuqtirgan, qariyb 400 ming kishi kasallikdan vafot etgan. 

BBC kasallanish darajasi bo‘yicha qit'alarda yetakchi davlatlarni ajratib ko‘rsatdi. Yevropada Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya va Ispaniya eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlardir. Rossiya bemorlar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi, ammo o‘lim darajasi boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda ancha past. Shimoliy Amerikada va umuman dunyo bo‘yicha Covid-19'dan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat afsuski AQSh. Janubiy va Markaziy Amerikada – Braziliya va Meksika. Afrikada – JAR, Misr va Nigeriya. Osiyoda – Hindiston va Eron.

Yevropadagi vaziyat

Ispaniya shoshilmoqchi emas. 1 iyuldan faqat Fransiya va Portugaliya bilan chegaralar ochiladi

Yevropa komissiyasi 1 iyulga qadar Yevropa Ittifoqiga a'zo 27 davlatni blok ichida chegaralarni ochishga chaqirdi. Ittifoq mamlakatlari ichki ishlar vazirligi rahbarlari tegishli rejalarni ishlab chiqishga kirishgan. 

Shu bilan birga, ko‘pchilik ta'kidlashicha, hozircha gap faqat YeI ichkarisidagi cheklovlarni olib tashlash haqida bormoqda. Boshqa davlatlardan keluvchilar uchun qo‘yilgan taqiq qachon va qay ko‘lamda olib tashlanishi masalasi ham shu kunlarda muhokama qilinmoqda. 

Shuningdek, Ispaniya 1 iyuldan boshlab faqat Fransiya va Portugaliya bilan chegaralarni ochishni rejalashtiryapti, Ittifoq tarkibidagi boshqa mamlakatlar haqida hali ta'kidlab o‘tilmadi. 

Belgiya esa aksincha, cheklovlarni muddatidan oldin olib tashlashga tayyor. Rasmiylarga ko‘ra, agar epidemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanishi kabi biror-bir favqulodda holat yuz bermasa, mamlakat chegaralari 15 iyunda ochiladi. 

Irlandiya hukumati lokdaundan chiqishning ikkinchi bosqichi rejasini tasdiqlashga tayyorlanmoqda. Bu bir qator idoralar va kichik do‘konlarning ochilishi, izolyatsiyada qolgan qarindoshlar bilan uchrashishiga ruxsat berilishi va fuqarolar uchun o‘z uylaridan avvalgidek 5 emas, 20 kilometr uzoqlashish mumkin bo‘lishini anglatadi. 

Dunyoga mashhur Vena filarmonik orkestri Vena shahridagi eng mashhur konsert zallaridan biri Muzikferaynda lokdaundan keyingi ilk jonli konsertini beradi. Zal sig‘imi 2 ming kishini tashkil etadi, ammo konsertga ijtimoiy masofalanish sharoitida atigi 100 nafar tomoshabin tashrif buyurishi mumkin. Orkestr Betxovenning Beshinchi simfoniyasini ijro etadi.

Muzikferayn 2000 tomoshabin uchun mo‘ljallangan bo‘lsada, konsertga 100 kishi kira olishi mumkin

Fransiya hukumatidagi ilmiy maslahatchilarning ta'kidlashicha, mamlakatda koronavirus epidemiyasi nazoratga olingan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu o‘z vaqtida kiritilgan lokdaunning samarasidir. Bundan tashqari, yoz fasli boshlanishi va nisbatan yuqori harorat yordam beryapti.

Payshanba kuni mamlakat kasalxonalarida Covid-19'dan 44 bemor vafot etdi, kunlik yangi zararlanish holatlari mingga yaqin. Taqqoslash uchun, mart oyida Fransiyada har kuni o‘rtacha 8 mingta holat qayd etilgandi. 

Fransuz olimlarining ta'kidlashicha, mamlakatning turli mintaqalarida infeksiyaning yangi o‘choqlari paydo bo‘lmoqda, ammo epidemiyaga qarshi bir necha oydan beri davom etayotgan kurashdan so‘ng endi shifokorlarda vaziyatni tezda nazorat qilish uchun zarur vositalar (testlar, kontaktlarni kuzatish tizimi) tajriba yetarli. Shu haftada mamlakat ichida harakatlanishga qo‘yilgan cheklovlarning so‘nggisi olib tashlandi. Rasmiylar fuqarolarni yangi ijtimoiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishni davom ettirishga chaqirishmoqda, bu, aftidan, uzoq vaqt davomida epidemiyaning ikkinchi to‘lqinini oldini olishdagi asosiy shart bo‘lib qoladi.

Juma kuni Chexiya Avstriya va Germaniya bilan chegaralarni ochadi – rejalashtirilganidan 10 kun erta. Chexiya Respublikasi va uning qo‘shnilari o‘rtasidagi aloqa mart oyi boshida to‘xtatilgandi. Juma kuni tushdan boshlab, ushbu ikki mamlakat va Vengriya fuqarolari Chexiya Respublikasi hududiga chegarada manfiy tahlil natijasini taqdim etmasdan kirishlari mumkin. Seshanba kunidan boshlab Slovakiya bilan chegara ochiladi. 15 iyundan boshlab Chexiya hukumati qulay epidemiologik vaziyatga ega bo‘lgan bir qator mamlakatlar – Shveytsariya, Finlyandiya, Latviya, Litva va Estoniya fuqarolariga o‘z eshiklarini ochadi. 

Chexiya birinchi bo‘lib Slovakiya bilan chegarani ochdi / GETTY IMAGES

O‘tgan dushanba kuni Chexiya fuqarolarining Belgiya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya va Ispaniya kabi nisbatan ko‘p zarar ko‘rgan davlatlarga sayohat qilishlari mumkinligi e'lon qilindi. Biroq, ushbu mamlakatlar fuqarolari virusga chalinmaganlik to‘g‘risidagi tibbiy ma'lumotnoma taqdim etishi kerak. Chexiya rasmiylari fikriga ko‘ra, Buyuk Britaniya va Shvetsiya tashrif buyurish uchun eng xavfli davlatlar hisoblanadi. Ushbu mamlakatlarga sayohat qilish uchun qat'iy qoidalar joriy etiladi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Chexiyada epidemiya boshlangandan beri deyarli 9,5 ming kishi kasallanib, 326 kishi vafot etgan. 

Britaniyada 15 iyundan boshlab jamoat transportida tibbiy niqob kiyish majburiy qilinadi. Ushbu sanada bir qator kiyim-kechak do‘konlari ochilishi rejalashtirilgan, shu tufayli metro va avtobuslarda yo‘lovchilar soni ko‘payishi kutilmoqda. Ushbu qoida poyezdlar, samolyotlar, paromlar va kema yo‘lovchilariga ham taalluqlidir.

Britaniyada jamoat transportida tibbiy niqob taqish majburiy bo‘lmoqda

Britaniya zararlanish holatlari va o‘lim holatlari statistikasi bo‘yicha Yevropada eng yomon natija qayd etayotgan davlat hisoblanadi. Juma kungi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 283 mingta kasallanish holati va deyarli 40 ming o‘lim qayd etilgan.

Shu bilan birga, kunlik yangi zararlanish holatlari soni kamaymoqda. Hozirgi kunda har kuni taxminan 5,6 ming kishiga Covid-19 tashxisi qo‘yilyapti. Ikki hafta oldin bu raqam 8 mingdan oshardi. 

Buyuk Britaniyada eng ko‘p tashrif buyuriluvchi Chester hayvonot bog‘i koronavirus epidemiyasi davrida katta yo‘qotishlar tufayli butunlay yopilishi mumkin. Hayvonot bog‘i xodimi Jyeyms Edvardsning so‘zlariga ko‘ra, fil va Afrikadan keltirilgan yirik jonivorlar parvarishi juda qimmat turadi. Bundan tashqari, katta hududni nazorat qilishga ko‘p mablag‘ sarflanadi. Holatni faqatgina tez kun ichida tashrif buyuruvchilar uchun ruxsat berilishi o‘nglashi mumkin, ammo bu haqda hozircha hech qanday gap yo‘q. 

AQSh iqtisodiyoti syurprizlari
Zararlanish va o‘lim holatlari bo‘yicha global statistikaning uchdan bir qismi AQSh hisobiga to‘g‘ri keladi – mos ravishda 1,8 million bemor va 108,2 ming o‘lim. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda ishsizlik rekord darajada o‘sdi: o‘n millionlab amerikalik nafaqa olish uchun murojaat qildi.

Biroq, juma kuni dunyodagi eng katta iqtisodiyot kutilmagan yoqimli syurprizni taqdim etdi: barcha taxminlarga qarshi, AQShda ishsizlik ko‘paymagan, aksincha pasaygan. Bundan tashqari, ish o‘rinlari soni ko‘paygan. Bularning barchasi inqiroz shu paytgacha o‘ylagandek uzoq va chuqur bo‘lmaydi degan umidni bermoqda.

AQSh ishsizlik darajasi qariyb 100 yillik misli ko‘rilmagan darajadagi 14,7 foizga yetgan va iqtisodiyot 20 milliondan ortiq ish joyidan mahrum bo‘lgan aprel oyidagi dahshatli ma'lumotlardan so‘ng, iqtisodchilar may oyida bu raqamlarning yanada yomonlashishini bashorat qilishgandi – mos ravishda 19 foiz va 7,5 mlnga. 

Biroq, mehnat bozori 2,5 million ish o‘rni qo‘shilib oxir-oqibat tiklandi, ishsizlik 13,3 foizga tushdi. 

AQShdagi tartibsizliklar tufayli ko‘plab do‘konlar yopiq, ochiqlari ham qattiq qo‘riqlanmoqda
Suratda - San-Fransiskodagi ko‘cha

Yangiliklar ijobiy, ammo quvonishga hali erta. Darhaqiqat, fevral oyida ishsizlik rekord darajadagi quyi 3,5 foiz edi va o‘sha vaqtgacha Amerika iqtisodiyoti ketma-ket 100 oy davomida yangi ish o‘rinlari yaratib kelayotgandi. 

Karantin so‘nggi o‘n yillikdagi yutuqlarni bekor qildi. Epidemiya tugashi bilan zararlarning bir qismi qaytariladi. 

Faqatgina faol ish izlayotgan, ammo topa olmayotgan odam ishsiz hisoblanadi. Ya'ni hozir ular orasiga hamma – ish o‘rni saqlanib qolinishi evaziga haq to‘lanmaydigan majburiy ta'tilga chiqarilganlar ham, shuningdek, ishsizlik nafaqalaridan (oyiga o‘rtacha 4 ming dollar) qoniqish sababli mehnat bozoriga qaytishga shoshilmayotganlar yoki hozir ish topishga ko‘zi yetmayotganlar (masalan, ofitsiant yoki fotograf) ham kiradi. 

Biroq, ish o‘rinlarining bir qismi abadiy yo‘qoldi.

Chunki barcha kompaniyalar ham inqirozdan omon qolmaydi, tiklanish esa vaqt talab etadi. Karantin iqtisodiyotni shu qadar chuqurlikka tortdiki, u yerdan avvalgi mavqega qayta tiklanish juda qiyin bo‘ladi.

Bu bir kechada yo‘qolgan ish joylarini tiklash uchun yillar kerakligini anglatadi. 2009 yildagi so‘nggi inqirozdan so‘ng, ishsizlik inqirozdan oldingi darajaga faqat 9 yildan keyin erishdi.

Koronavirus inqirozi esa hozircha biznes va jamoatchilik uchun yanada chuqurroq va halokatli bo‘lishini «va'da qilmoqda». 

Dunyodagi vaziyat

Sidney - Yangi Janubiy Uels shtati markazi. Bir haftadan buyon hududda yangi holatlar aniqlanmayapti

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtati shanba kuni Sidneyda rejalashtirilgan «Qora tanlilar hayoti qimmatga ega» shiori ostidagi norozilik namoyishlarini taqiqlash niyatida. Shtat aholisi AQShda afroamerikalik Jorj Floydning politsiya xodimi tomonidan o‘ldirilishi ortidan ko‘chaga chiqqan namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirgandi. 

Ammo rasmiylar ommaviy tadbir koronavirusning tarqalishini boshlab berishi mumkinligidan havotirda. Shtat politsiyasi Oliy suddan namoyishni qonunga zid deb e'lon qilishni so‘radi. Yangi Janubiy Uels bosh vaziri Gledis Beredjiklyanning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror namoyish qatnashchilarining haqiqiy soni aksiyani tasdiqlash paytida aytilganidan ancha ko‘p bo‘lishi ma'lum bo‘lgandan keyin qabul qilingan.

Hozirgi vaqtda shtatda 500dan ortiq ishtirokchi qatnashadigan namoyish noqonuniy hisoblanadi.

Eronda koronavirusning tarqalishi rekord sur'atlarda davom etmoqda. 4 iyun kuni Eronda 3574 nafar odam koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan va bu 19 fevralda mamlakatda epidemiya boshlanganidan beri kuzatilgan rekord ko‘rsatkich. 5 iyun kuni ham mamlakatda 3 mingga yaqin holat qayd etildi. Shu vaqtgacha Eronda 167 mingdan ortiq zararlanish holati qayd etilgan va 8,1 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

2 iyunda Eronda ikki oyda qayd etilmagan natija kuzatilgan va shu kuni bir sutka ichida koronavirus bilan kasallanishlar soni 3000 tadan oshib ketgandi. Avvalgi antirekord 30 martda o‘rnatilgandi (bir sutkada 3186ta yangi holat). May oyida Eronda kunlik kasallanishlar soni 802tagacha tushgandi.

Hindistonda 4 iyun kuni 9889ta, 5 iyun kuni esa 9378ta yangi zararlanish holati qayd etildi. Mamlakatda jami holatlar soni 236 mingdan oshdi va Hindiston jahon reytingida Italiyani (234 mingdan ortiq holat) ortda qoldirdi. So‘nggi bir kunda 286 nafar (bir kun oldin 275 o‘lim) hindistonlik koronavirus qurboniga aylanib, jami o‘limlar soni 6649taga yetdi - jahon bo‘yicha eng yomon 10-ko‘rsatkich.

The Guardian nashri Hindiston tibbiy tadqiqotlar kengashi doktori Niveditu Guptaga asoslanib xabar berishicha, mamlakat hali koronavirusdan zararlanishning avj nuqtasidan o‘tmadi.

Hindiston 8 iyundan karantindan bosqichma-bosqich chiqishni rejalashtirmoqda. Bu esa mamlakatda ikkinchi to‘lqin boshlanishi xavfini paydo qiladi. Shu bilan birga, epidemiologik vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarda qat'iy cheklovlar 30 iyunga qadar saqlanib qoladi.

Xitoyda so‘nggi sutkada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 5 ta va kasallik belgisiz o‘tayotgan 3 ta holat qayd etildi. Bemorlarning 8 nafari sog‘aydi, vafot etish holatlari qayd etilmadi. Yangi kasallanish holatlarining barchasi chetdan yuqtirilgan. Mamlakatda umumiy hisobda 83 027 kishi koronavirusga chalingan. Bemorlarning 78 327 nafari sog‘aygan, 4 634 nafari vafot etgan. Kasalxonalarda 66 nafar bemor qolmoqda.

Koronavirusning ilk o‘chog‘i bo‘lgan Uhanda esa ayni vaqtda koronavirusga chalingan bitta ham bemor qolmadi.

Janubiy Koreyada so‘nggi bir kunda 39 kishi koronavirusga chalingani qayd etilib, jami holatlar soni 11 668taga yetdi. Mamlakatda may oyidan buyon kasallikning yangi o‘choqlari bemorlar soni oshishiga sabab bo‘lmoqda. 28 mayda kunlik kasallanishlar soni 79taga yetgandi, so‘nggi haftada esa bu ko‘rsatkich 30-50 kishi atrofida bo‘lib turibdi. So‘nggi bir kunda 7 kishi koronavirusdan sog‘ayib chiqib, tuzalganlarning umumiy soni 10 506 nafarga yetdi. Kasallikdan vafot etganlar soni o‘zgarmagan - 273 o‘lim.

Oksford universiteti olimlari lokdaundan keyin koronavirus tarqalishining oldini olishning eng yaxshi usuli muloqotni faqat bir nechta doimiy aloqalar bilan cheklash degan xulosaga kelishdi. Bularga qarindoshlar, eng yaqin do‘stlar va ikki-uch qo‘shni kirishi mumkin. 

Ishga boruvchilar muloqotni ma'lum bir hamkasblar doirasida cheklashi kerak. To‘g‘ri, amalda bu qanday sodir bo‘lishi hali aniq emas. Umuman olganda, Oksford tadqiqotchilarining murojaati shundan iboratki, o‘z atrofida «ijtimoiy pufak» yaratish ijtimoiy masofadan ko‘ra samaraliroq.

Nufuzli tibbiy jurnal Lancet may oyi oxirida o‘zining gidroksixloroxin va xloroxin dorilarining Covid-19'ga qarshi nafaqat samarasizligi, balki bemor hayoti uchun xavfliligi borasidagi avvalgi maqolasini rad etdi. Maqola mualliflari o‘n minglab odamlarning ma'lumotlari tahliliga murojaat qilishgan va unda dorilarni qo‘llash yurak-qon tomir tizimida asoratlar keltirib chiqarishi mumkinligi aniqlangan. Ushbu tadqiqot e'lon qilinganidan so‘ng, JSST dori-darmonlarni klinik sinovlarini to‘xtatgandi. 

Biroq, Lancet jurnali tomonidan olingan ma'lumotlar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligi ma'lum bo‘ldi, chunki ularni ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lmagan Surgisphere kompaniyasi taqdim etgan. Britaniyaning Guardian gazetasi o‘z surishtiruvi davomida Surgisphere'da atigi bir necha o‘nlab xodimlar ishlashini va ular orasida ilmiy fantastika yozuvchisi va kattalar filmi aktrisasi ham borligini aniqladi. Shundan so‘ng o‘tkazilgan tadqiqotlarning sifati jurnalistlarda shubha uyg‘otdi. JSST gidroksixloroxin va xloroxinni sinovdan o‘tkazishni davom ettirishni rejalashtirgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top