15:18 / 06.06.2020
34496

Ochilayotgan aviaqatnovlar, rekordga intilayotgan o‘zbek hunarmandlari va turizm muammolari - Aziz Abduhakimov bilan suhbat

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davom etmoqda. Tashrifning kechagi kunida davlat rahbari Marg‘ilon shahridagi “Hunarmandlar markazi” faoliyati bilan ham tanishdi.

Jarayonlarni Farg‘onadan turib yoritayotgan Kun.uz muxbiri bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov bilan “Hunarmandlar markazi” faoliyati, uning turizm salohiyatini oshirishdagi o‘rni, pandemiyaning turizmga ta'siri hamda sohani qayta tiklash mavzusida intervyu uyushtirdi.

Aziz Abduhakimov

Abduhakimov yangi ochilgan markaz faoliyati haqida gapirar ekan, uning oddiygina savdo do‘koni emas, birinchi navbatda, turistik obekt hisoblanishini alohida ta'kidladi.

«Bu yerda juda noyob an'anamiz – hunarmandchilik mahsulotlari joy olgan. Eng muhimi, odamlarni ish joyi bilan ta'minlash, daromad olishlariga ko‘maklashish va madaniyatimizni butun dunyoga ko‘rsatish, milliy hunarmandchiligimizni targ‘ibot qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. «O‘zbekipaksanoat» assotsiatsiyasi bilan hamkorlik asosida bunday hunarmandchilik markazlarini respublika bo‘yicha ko‘paytirishga kelishyapmiz», – dedi u.

Aytilishicha, ushbu markaz nafaqat ishlab chiqarish hududi hisoblanadi, balki bu yerda o‘quv kurslari, savdo rastalari va hatto muzey ham tashkil etilgan.

«Mahalliy va xorijiy sayyohlar kelib, ipakchilik tarixi va buguni haqida ma'lumot olishlari mumkin. Markazda zamonaviy texnologiyalar ham joriy etilyapti. Bu yerga keluvchi mehmonlar uchun zamonaviy to‘lov tizimlari o‘rnatiladi. WeChat yoki boshqa mobil ilovalar orqali ham bemalol to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. 260ta turli muzey, arxeologik obekt, san'at, galereyalarni qamrab olgan VR-tur tashkillashtirilmoqda. Turizmga yo‘naltirilgan barcha platformalarda ham VR-tur joylashtiriladi, kelmoqchi bo‘lgan sayyoh ular bilan tanishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi», – dedi Abduhakimov.

Bosh vazir o‘rinbosari intervyu davomida «Hunarmandlar markazi»da «O‘zbekipaksanoat» bilan birga ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish masalasi ham belgilanishi, umuman, ipakchilik sohasining turizm salohiyatini oshirishdagi o‘rni haqida ham gapirdi.

«Xorijdan kelgan mehmonlarni bu yerga olib kelib, mahsulotni reklama qilish, “o‘tkazishimiz” kerak. Ipakchilik yo‘nalishidagi mahsulotlar eksportini bir necha karra ko‘paytirish masalasini qo‘yganmiz. Ipakchilik mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha ham ishlab chiqarish, ham hunarmandchilik, ham turizm masalasi kesishmoqda.

O‘zimizdagi resurslarni birlashtirsak ham qo‘shimcha qiymat ko‘payadi, ham eksport bo‘ladi, ham ish joylari ortadi. O‘zbekistonda ipak birjasi, ipak yarmarkalarini ko‘proq tashkil etishimiz kerak.

O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining o‘rta qismida – yuragida joylashgan. Mana shu jarayon hozir yana tiklanmoqda. Ish joylari, eksport, turizm, O‘zbekistonning xorijdagi targ‘iboti, aholining daromadini oshirish – bu vazifalarning barchasi shu yerda birlashadi.

Harir, baxmal, xonatlas, a'lobaxmal, adras, beqasam, jandi kabi mato turlari bor. Bularning barchasi katta potensial. Ularni YuNeSKOning reprezentativ ro‘yxatiga kiritish masalasini o‘ylashimiz kerak. Mutaxassislar bunga ilmiy yondashib, san'at darajasiga olib chiqishi lozim.

Faqat atlasga qarab qolmaslik, qolganlariga ham diqqatni qarata olish kerak. Bularning barchasi o‘zbek millatining boyligi. Har bir naqshning ham o‘z ma'nosi bor, ular ilmiy yondashuv asosida o‘rganilishi kerak.

Xitoyliklar bu matolarning tayyor naqshini olib, printda chiqaryapti. Lekin biz o‘zbek hunarmandining qo‘l mehnati bilan original tarzda ishlanganini ommalashtirishimiz kerak. Agar qo‘l mehnati bilan qilingan ishni tanita olsak, buning narxi bir necha baravarga oshadi», — dedi u.

Aziz Abduhakimovning ma'lumot berishicha, o‘zbekistonliklar yaqin vaqtlar ichida gilam to‘qish sohasida Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi mumkin. Unga ko‘ra, bu rekord gilam to‘qishda eng ko‘p tuguncha ishlatish bo‘yicha bo‘ladi.

Bu haqda gapirar ekan, «Yaponiya, Koreya o‘z madaniyatini yuqori darajaga ko‘tara olgan. Shu ishni biz ham qilishimiz kerak. Bu dunyoni hayratda qoldiradigan narsa. Matoning bir kvadrat santimetri uchun 1600ta tuguncha uriladi. Bu rekord natija, bemalol Ginnesga kiritish mumkin. Biz shunga tayyorlanyapmiz», – dedi u.

Intervyu davomida O‘zbekistonda turizm sohasi, pandemiyaning unga jiddiy ta'siri hamda sohani qayta tiklash masalalari haqida ham so‘z bordi. Jumladan, Abduhakimovning shu mavzular borasidagi savolga javoban aytishicha, O‘zbekiston hukumati asta sekinlik bilan xalqaro aviareyslarni yo‘lga qo‘yish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Biz bunga katta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Xalqaro aviareyslar yaqin orada ochiladi. Mana, Yaponiya, Yevropaning ayrim mamlakatlari xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Turkiya ham ochilish arafasida. Ko‘rdilaringiz, 8 iyundan avtobuslar ham yo‘lovchi tashishni boshlaydi. Boshqa turdagi jamoat transportlari ham yaqin orada yo‘lga tushadi. 

Biz shuningdek, turizmni rivojlantirish va uni avvalga sur'atlariga qaytarish maqsadida O‘zbekistonga keladigan har bir sayyohga 15 AQSh dollaridan to‘lab beradigan bo‘ldik. Bu shunday bo‘ladiki, bitta samolyotda o‘rtacha 200 nafar sayyoh keladigan bo‘lsa, ularning jami 3000 AQSh dollari miqdoridagi xarajatini to‘lab beryapmiz.. Mehmonxonalarda xarajatlarning 10 foizini, yil oxirigacha esa transport xarajatlarining 30 foizini ham qoplab beramiz, ya'ni davlat tomonidan subsidiya beriladi», – dedi u.

Aytilishicha, 2019 yilda O‘zbekistonga 6 mln 700 ming nafar sayyoh kelgan. Shu yilning 1 yanvaridan 15 martgacha esa 1 mln 200 mingga yaqin turist O‘zbekistonga kelgan.

«Bu o‘tgan yilning mos davri uchun 30-40 foiz o‘sish bo‘ldi. May oyida 2019 yilda 496 ming xorijiy mehmon kelgan. Bu yil may oyida esa 400 nafar odam keldi. Bu pandemiya davrida turizm to‘liq to‘xtadi, degan gap. Sohada 260 mingdan ortiq odam ishsiz, daromadsiz qoldi. Ammo davlat tomonidan yordam ko‘rsatildi, turkompaniyalar, mehmonxonalarning 3 oylik kreditlarining foizini davlat qoplab beradigan bo‘ldi.

Bu yil yakuni bilan turizm sohasida 2016 yil raqamlariga qaytib qolishimiz mumkin. 2016 yilda 1 mln 300 nafar odam O‘zbekistonga kelgan, 400 mln atrofida eksport bor edi, yana shu raqamlarga qaytishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Lekin bu cho‘kib qoldik degani emas. Birinchidan, ichki turizmni ko‘tarib olishimiz mumkin. Ikkinchidan, shu bahonada katta diversifikatsiya ketyapti. Xonobod, Bo‘stonliqda katta loyihalar qilinmoqda. Shohimardon, So‘x bo‘yicha ham yangi takliflar bor.

Pandemiya davrida turizm borasida boshqa davlatlar ham nolga tushdi. Keyingi 3-5 yil ichida dunyodagi eng katta bozorlardan biri, davlatlarning 10 foizdan 30 foizgacha YaIMga ta'sir qiladigan turizm sohasida hamma teng bo‘lib qoldi. Ish qayta yo‘lga qo‘yiladigan restart davrida o‘rnimizni yaxshi topib olishimiz mumkin. Buning uchun global piarni to‘g‘ri qilishimiz kerak», – dedi u.

Intervyu davomida turistlarni O‘zbekistonga kelish uchun eng ko‘p qiziqtiradigan jihatlar haqida ham so‘z bordi. Unga ko‘ra, turistlar tariximiz, madaniy merosimizga bo‘lgan qiziqish sabab O‘zbekistonga keladi.

«Buxoroning qadimiy qismi, Xivadagi Ichanqal'a kabi obidalar YuNeSKO ro‘yxatiga kirgan.

Biz «O‘zbekistonda kafolatlangan xavfsiz sayohat» degan dastur ishlab chiqdik. Unga ko‘ra, mamlakatda sayohatning xavfsiz bo‘lishi to‘liq kafolatlanadi. Hech qanday koronavirus xavf solmaydi. Tadbirkorlik sub'yektlarida «COVID-19 tabletkasi» tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston jinoyatchilik nuqtai nazaridan dunyoning eng xavfsiz 5 davlat ro‘yxatiga kirgan. Endi koronavirus nuqtai nazaridan ham eng xavfsiz davlatlar ro‘yxatiga kirishga harakat qilishimiz kerak. Birinchidan, turistik jihatdan zo‘r o‘ringa chiqsak, ikkinchidan, sanitar-gigiyenik nuqtai nazardan xavfsiz davlatlar qatoriga kirsak, soha rivojlanadi», dedi u.

Kun.uz muxbiri intervyu davomida bosh vazir o‘rinbosariga o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi sayohatlarga chiqa olmasligi va bu odamlarning iqtisodiy ahvoli bilan bog‘liqligi hamda ular uchun ichki turizmni arzonlashtirish kerakligi borasida savol berdi.

Aziz Abduhakimov savolga quyidagicha javob berdi: «Ichki turizmni rivojlantirish uchun kasaba uyushmalari, Yoshlar ittifoqi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi kabi tuzilmalar bor. Ular bilan kelishib, turistik haftaliklar, turistik oyliklar qilyapmiz. Turkompaniyalar, mehmonxonalar bilan kelishib, katta chegirmalar berilyapti. Sanatoriy, oromgohlar ham ishga tushdi, odamlar kela boshlashgan. Hamma talablarga javob beradi. Biron holat chiqadigan bo‘lsa, izolyatorlar ham, tibbiy yordam bor. Odamlarga xavfsiz sayohat qilishni o‘rgatishimiz kerak. Odamlar uyda o‘tirib zerikib qolgan. Ichki turizmda mahalliy aholi uchun narxlarni ikki baravargacha arzonlashtirish mumkin.

Chegirmalar yil yakunigacha amal qiladi. Xodimlariga ichki turizm xarajatlarini qoplash orqali ish beruvchilar daromadining shu qismini soliqqa tortuvchi bazadan chiqarishi mumkin. Sayohatga chiqadigan xodim ham o‘zining oyligidan shu xarajatlarni soliqdan chiqarib yuborishi mumkin. Avval bizda ichki turizm to‘xtab qolgandi, chunki xorijiy sayyohlar ko‘payib ketgan edi. Hozir esa ichki turizmni tiklab olish uchun yaxshi sharoit.

Ilgari O‘zbekiston turizmi faqat tarixiy yo‘nalishda bo‘lardi, hozir tibbiyot, ekoturizm, gastronomik turizmga e'tibor berilyapti.

Davlat rahbari Andijonga borganda aytdi, aholi ko‘proq yurishi kerak. Bunga rag‘batlantirish uchun odamlarning yurganiga qarab o‘lchab, yagona bazaga kiritib, ballar yig‘ish, bonuslar taqdim etish bo‘yicha ishlayapmiz. Yurganidan kelib chiqib ballar jamlab, bu ballardan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin. Mobil telefoniga ilova o‘rnatib, bonuslar jamlab borsa, ham o‘z sog‘ligiga foyda, ham 100 minglik xizmat 60-50 mingga tushishi mumkin».

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Top