16:19 / 06.06.2020
46227

«Skver»dagi yirik binolar hech qanday tendersiz nol qiymatda xususiylashtirilmoqda

Toshkent shahri Amir Temur xiyoboni Buxoro va Nuroniylar ko‘chalari kesishuvida joylashgan «Gazetalar ishlab chiqarish majmuasi binosi qismi» hamda Buxoro ko‘chasi, 10-uy manzilida joylashgan sobiq Sverdlov nomidagi konsert zali «Forsa Barsa» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tanlovsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri «nol» qiymatda taqdim etilmoqda. 

Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, «Forsa Barsa» MChJ ushbu binolarni qo‘lga kiritgandan so‘ng, 5 yil muddat ichida obektlarga 15 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritib, ularni to‘liq rekonstruksiya qilish majburiyatini oladi. Bundan tashqari, ushbu MChJ obektlar negizida gastrol-konsert faoliyatini tashkil etishi va kamida 150ta yangi ish o‘rinini yaratishi lozim. 

Toshkentning Buxoro ko‘chasi, 10-uy manzilidagi bino.

1995 yili Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Respublika ko‘chmas mulk va fond birjalarini joylashtirish uchun sobiq Sverdlov konsert zali binosi ajratiladi. So‘nggi yillarda binoda «Toshkent» fond birjasi faoliyat yuritib kelgan. 

O‘zbekiston prezidentining 2017 yili 31 maydagi «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan binoni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tasarrufiga o‘tkazish vazifasi qo‘yilgandi. Uning yonida MUM, Alisher Navoiy nomidagi Katta teatr va boshqa madaniy obektlar joylashgan. Shu tufayli, binoda akademik jamoalarning badiiy dasturlari namoyish etiladigan, jonli ijroga mo‘ljallangan konsert zali tashkil etilishi mantiqan to‘g‘ri qaror bo‘lgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, «Forsa Barsa» MChJ asosiy faoliyat turiga makaron mahsulotlari va shunga o‘xshash unli mahsulotlar ishlab chiqarish kiradi. Ya’ni korxona madaniyat va san’at sohasiga yaqin faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. Korxona ta’sischilaridan biri Mubin O‘tbosarov bo‘lib, uning ustav fonddagi ulushi 97 foizni tashkil etadi. 

Shuningdek, internetdagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, O‘tbosarov chet el kapitali ishtirokidagi «Savdogar» aksiyadorlik tijorat banki kuzatuv kengashi a’zolaridan biri hisoblanadi. U kengashda «Dinus Non» MChJ QK vakili sifatida ko‘rsatilgan. «Dinus Non» esa non, xamirdan yangi tayyorlangan qandolat mahsulotlari, tort ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishni asosiy faoliyat turi sifatida ko‘rsatgan. 

«Dinus Non» MChJ QK ta’sischilari qatorida Habibullo Yo‘ldoshev (ustav fonddagi ulushi 22,1 foiz) ko‘rsatilgan bo‘lib, u boshqa manbalarda «Dinus Non» MChJ QK direktori o‘rinbosari sifatida «Xorazm shakar» qo‘shma korxonasi kuzatuv kengashi a’zosi sifatida qayd etilgan. Shu bilan birga, shakar zavod kuzatuv kengashida Egambergan O‘roboyev, Fedor Kim, ijro organi rahbari Fazliddin Sirojiddinov ismi ham keltirilgan bo‘lib, ularning barchasi chet el kapitali ishtirokidagi «Savdogar» aksiyadorlik tijorat banki kuzatuv kengashi a’zolaridir. Ularning barchasini yana «Ilk plyus» investorlar uyushmasi birlashtirib turadi.

«Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning asosiy prinsiplari sifatida quyidagilar belgilangan: 

  • pulsiz va pulli xususiylashtiriladigan mulkdan ulush olishda fuqarolarning huquqlari tengligi; 
  • oshkoralik davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish ustidan davlat va jamoat nazoratini yo‘lga qo‘yish; 
  • raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish. 

Ammo mazkur mulklarni xususiylashtirish to‘g‘risidagi hukumatning tegishli hujjati loyihalari jamoatchilikka ma’lum qilinmay, tor doirada qabul qilinmoqda.

Shuningdek, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasi talablariga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shartnomalar tuzishda ustunlik berish, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilashi taqiqlanadi.

Vazirlar Maxkamasining 2014 yil 6 oktyabrdagi 279-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulki obektlarini xaridor tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar qabul qilinishi sharti bilan «nol» xarid qiymati bo‘yicha sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, davlat mulki obektlarini xaridor tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar qabul qilinishi sharti bilan tanlov asosida «nol» xarid qiymati bo‘yicha berish nazarda tutilgan. 

Amalda esa davlat mol-mulki to‘g‘ridan to‘g‘ri, hech qanday tanlovsiz xususiy tashkilotga berib yuborilishi kutilmoqda.

Xulosa shundayki, har qanday davlat mulki xususiylashtirilayotgan paytda uning xaridori haqida barcha ma’lumotlar batafsil oshkor etilishi lozim. Shuningdek, mulk tender savdosida shaffof sotilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. «Nol» xarid qiymati bilan binoni go‘yo «invesititsion majburiyat bilan qo‘sh-qo‘llab birovga berib yuborish» xalq rizqiga xiyonat bo‘ladi. Qolaversa bu holatda korrupsiya holatlari unsurlari yo‘qligiga xech kim kafolat bera olmaydi.

Alisher Ro‘zioxunov

Top