21:47 / 06.06.2020
19156

Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi dam olish uchun otlanganlarga murojaat bilan chiqdi

Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi O‘zbekistonda karantin talablari yumshatib borilayotganligi sababli ichki turizm tiklanayotganligi munosabati bilan aholiga murojaat bilan chiqdi.

“Respublika maxsus komissiyasining kuni kecha e'lon qilingan axborotida ta'kidlanishicha, 2020 yil 5 iyundan boshlab “sariq” hududlarda quyidagilarga ruxsat beriladi:

mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyatiga (hostellar bundan mustasno); 

uy mehmonxonalari va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan dala hovlilar (dachalar) faoliyatiga (faqat oilaviy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish uchun);

mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlarida joylashgan hamda ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga. 

Bu, albatta, quvonarli hol. Ammo, nima bo‘lganida ham ehtiyotkorlikni unutmaslik, karantin talablariga amal qilish darkor. Bundan tashqari, hozirgi kunda havo haroratining keskin isib ketishi aksariyat odamlarni tog‘li hududlarga, soya-salqin joylarga chorlaydi. Demak, ushbu hududlarda transportlar oqimi sezilarli darajada ko‘payadi. 

Hurmatli haydovchilar! Yo‘lga chiqishdan oldin eng avvalo transport vositangizning texnik holatini bir karra ko‘zdan kechirib olishni unutmang. Agar bu ishni maxsus ustaxonalarda amalga oshirsangiz nur ustiga a'lo nur bo‘ladi. Transport boshqarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar mavjudligiga ishonch hosil qiling. Eng muhimi, Toshkent viloyati hududidagi avtomobil yo‘llari zamonaviy tezlik o‘lchash moslamalari bilan nazorat qilinishini yodda tuting va belgilangan tezlik talablariga qat'iy amal qiling. Bu o‘zingiz va o‘zgalar hayotini asrashda juda ham muhimdir”, deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, 8 iyundan shuningdek, “sariq” va “yashil” hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus harakatlariga ruxsat berildi. “Damas”, mikroavtobus va metropoliten faoliyati bundan mustasno hisoblanadi.

Top