22:10 / 06.06.2020
34030

«Yelkamizga misli ko‘rilmagan sinovlar tushyapti» – Prezident koronavirus, So‘x voqealari va kambag‘allikni qisqartirish haqida

Prezident Farg‘onada viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida yig‘ilish avvalida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga yana bir bor to‘xtaldi. Shuningdek, qo‘shnilar bilan aloqalarni yanada yaxshilash, chekka hududlardagi muammolarni hal qilish uchun ish olib borish kerakligini ta'kidladi.

«Dunyo hamjamiyatining boshiga tushgan katta ofat - koronavirus pandemiyasi hammamiz uchun sinov bo‘ldi. Albatta, juda katta tajriba to‘playapmiz. Avvalo karantin choralarini yo‘lga qo‘yish uchun mutaxassislarni jalb qildik. Zamonaviy shifoxonalar quryapmiz. Barcha harakatlarimiz zamirida xalqimiz salomatligini saqlash maqsadi yotibdi.

Shu bilan birgalikda, iqtisodiyotimizni tiklash bo‘yicha harakat qilishimiz kerak. Dushanba kunidan jamoat transportiga va bozorlar faoliyatiga ruxsat bermoqchimiz. Chunki odamlarning ko‘pchiligining tirikchiligi bozorlarga bog‘liq. Masjidlarga ham ruxsat beryapmiz, lekin karantin normalariga, masofa saqlashga rioya qilish kerak.

Hammamiz karantin qoidalariga amal qilishimiz kerak, masofa saqlab, niqob taqib yurishga majburmiz. Hali pandemiya tugagani yo‘q. Bu balo yonimizda yuribdi, Agar ogoh bo‘lmasak, karantinga e'tibor qilmasak, salgina ehtiyotsizlik bo‘lsa yanada tarqalib ketishi hech gap emas. Falon oyda tugaydi degan gapni hech kim ayta olmaydi. Eng yomoni odamlar vafot etmoqda. Odamlarimiz hayoti uchun qattiq kurashmoqdamiz.

Karantin normalariga juda qattiq e'tibor qilsak, shunday sharoitda ishlash va yashashni o‘rgana olishimizni dunyoga namuna qilib ko‘rsatamiz», degan prezident.

Prezident bu yil og‘ir kelganini ta'kidlab, So‘xda ro‘y bergan voqealarga ham munosabat bildirgan.

«Albatta og‘ir yil keldi, katta-katta sinovlar. Buxoroda oxirgi 50 yilda bunday shamol bo‘lmagandi. Sardoba suv omborida talafot bo‘ldi.

So‘x voqealari ham sinov bo‘ldi. Bitta narsani bilishimiz kerak, oxirgi 3-4 yilda qo‘shnilarimiz bilan, qirg‘iz xalqi bilan, qirg‘iz do‘stlarimiz, birodarlarimiz, jon qo‘shnimiz bilan juda katta ishlarni amalga oshirdik. 

O‘ylaymanki, birodarligimiz, do‘stligimiz, qavm-u qarindoshchiligimiz davom etadi. Bu nojo‘ya voqealar do‘stligimizga, bordi-keldimizga, ertangi kun uchun rejalarimizga ta'sir ko‘rsatmasligi kerak. Qirg‘iz Respublikasi prezidenti, hurmatli Sooronbay Sharipovich bilan telefon orqali gaplashib, hammasini kelishib oldik.

Bitta narsa - sabr-toqat kerak. Sabr-toqat, vazminlik, og‘irlik, farzandlarimiz tinchligini, osoyishtaligini o‘ylashimiz kerak. 

Muammolar yo‘g‘amas, bor. Lekin tasavvur qilinglar, 50 yil hal bo‘lmagan muammolarni 3 yilda hal qilib bo‘lmaydi. Qonun kerak, vazminlik kerak, qonunni amalga oshirish kerak, hammasini taroziga qo‘yib, to‘g‘ri xulosa qilib, do‘st bo‘limiz kerak, saboq chiqarishimiz kerak. Kelajakda bordi-keldimiz, do‘stligimiz bundanam mustahkam bo‘ladi. Qo‘shnichilik - ming yilchilik. Shu ming yillik tajribamizning yangi-yangi sahifalarini ochishga, bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, jonajon qo‘shni bo‘lishga intilishimiz kerak. Men bunga ishonaman, ikki qardosh xalq shunday yashaydi.

Har birimiz bunga erishish uchun ko‘mak bo‘lishimiz kerak. Tomoshabin bo‘lib turish kerak emas. Hech qachon tomoshabin bo‘lib turgan el, xalq, millat yutgan emas», deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun barcha birdamlikda harakatlanishi lozimligini qayd etgan.

«Dunyoni ko‘rib turibsizlar, qanday notinch dunyo. Voqealar kun sayin, soat sayin o‘zgarmoqda. Kechagi tahlil bugunga to‘g‘ri kelmayapti. O‘tgan yilgi uchrashuvimizda pandemiya balosi yo‘q ediku. Bunday balo kelishini hech kim tasavvur qilmagandiku. Shunday murakkab vaziyatlar oldimizga qo‘yilyapti. 

Sabr-toqat bilan mehnat qilishimiz kerak. Agar mehnat bo‘lmasa, natija bo‘lmaydi. Bugun yuqori marralar olganmiz. Hech qanday davlat mehnatsiz natijaga erishmagan. Biz ham mehnatsiz, sabr-toqatsiz, birdamliksiz oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erisha olmaymiz. 

Biz uch yildan buyon qonunlar zamirini yaratyapmiz. Adolatli tizim bo‘lsin deyapmiz. Yanvarda kambag‘allikni qisqartirish haqida murojaat qilgandim. Har bir viloyatga borganimda, har bir tumanga borganimda yuragimdan o‘tkazaman. Shu odamlarning og‘irini qanday yengil qilaman degan savol ko‘ndalang turibdi. Bu savolga javob hali ijobiy yo‘q. Harakatlar bor, lekin javob yo‘q. Qachon uning ham uyiga nur kiradi? Qachon uning farzandlari ham oliy ta'limda o‘qiydi? Kerak bo‘lsa, qachon uning farzandlari maktabgacha ta'limdan foydalanadi? Qachon uning uyi bo‘ladi, qachon ishi bo‘ladi, qachon adolat mezoni paydo bo‘ladi? Albatta, bu qiyin masala.

Nima qilamiz yashirib haqiqat qandayligini? O‘zgarishlar bor. Lekin bu hali biz kutganimiz emas, hali birinchi qadamlar. Hammamiz birdan kirishib, muvaffaqiyatlarimizni mujassam qilib, kamchiliklarimizni birgalikda yechishga harakat qilsak, albatta natija bo‘ladi.

Yelkamizga misli ko‘rilmagan sinovlar tushyapti. Kim yutadi? Sabr-bardosh bilan, shoshilmasdan, matonat bilan, xalq bilan bamaslahat ish qilgan davlat yutadi», degan prezident.

Top