17:19 / 07.06.2020
41575

Qibraydagi temir-beton zavodining uch ishchisi devor ostida qolib halok bo‘ldi

5 iyun kuni soat taxminan 16:00larda Qibray tumani Baytqo‘rg‘on hududida joylashgan «Baytqo‘rg‘on temir beton mahsulotlari» MChJ binosi hududidagi devor qulab, jamiyatning 3 nafar ishchisini beton g‘ishtlar bosib qoldi.

Kun.uz ichki ishlar idoralaridan olgan ma'lumotga ko‘ra, bu vaqtda ishchilar zavod hududidagi payvandlash uskunalari o‘rnatilgan bostirma (naves) ostida payvandlash ishlarini olib borayotgan bo‘lgan.

Hodisa oqibatida uch nafar xodim – 47 yoshli M.M., 40 yoshli M.I. va 43 yoshli Yu.D.lar beton g‘isht bo‘laklari ostida qolib, olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etishgan.

Marhumlarning barchasi Qibray tuman fuqarolari bo‘lgan.

Aniqlanishicha, qulagan devorning umumiy uzunligi 95 metr, balandligi 4 metr bo‘lgan.

Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan hodisa yuzasidan qonuniy qaror qabul qilish masalasi muhokama qilinmoqda.

Top