23:59 / 08.06.2020
16104

AQShdagi norozilik namoyishlari: so‘nggi voqealar rivoji

25 may kuni Minneapolisda politsiya xodimlari tomonidan hibsga olingan 46 yoshli Jorj Floyd politsiya xodimining uzoq vaqt davomida tizzasi bilan bo‘g‘ib turishi natijasida vafot etgandi. Minneapolisda boshlanib, butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan norozilik namoyishlari qariyb ikki haftadan buyon davom etmoqda.

Foto: Reuters

Bir-ikki kishining xatti-harakati butun tizim chiriganini anglatmaydi

AQSh adliya vaziri Uilyam Barr politsiya zo‘ravonligi, mamlakat bo‘ylab davom etayotgan noroziliklar va afroamerikalik Jorj Floydning o‘limi haqida SBS telekanaliga bayonot berdi.

U qora tanli amerikaliklarning tarixi haqida gap ketganda nima uchun politsiyaga ishonmasligiga izoh berdi.

«O‘tmishdagi ko‘plab muassasalarimiz ashaddiy irqchi edi. O‘tgan asrning 60-yillaridan beri tengsizlik bo‘yicha ma'lum bir islohotlar amalga oshirildi va bu borada oldinga siljish bo‘ldi. AQShda irqchilik bor, ammo men huquqni muhofaza qilish tizimida u mavjud, deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, avvallari Amerika armiyasida irqchilik kuzatilardi, biroq hozir teng imkoniyatlar yaratilgan. Politsiya bo‘linmalarida ham ayni paytda mazkur jarayon davom etyapti. Ushbu sohadagi xodimlarning juda ko‘pchiligi yaxshi insonlar. Ammo o‘z kasbiga noloyiqlar ham topiladi. Bir-ikki kishining xatti-harakati esa butun tizimning chiriganini anglatmaydi», dedi u.

Minneapolis politsiya bo‘limi yopiladi

AQSh ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Minneapolis shahar kengashi politsiya zo‘ravonligiga qarshi davom etayotgan norozilik namoyishlariga javoban shahar politsiya bo‘limi yopilishini ma'lum qildi.

«Shahrimiz Minneapolis politsiya boshqarmasi bilan zaharli munosabatlarini tugatishni rejalashtirmoqda. Jamoat xavfsizligini ta'minlash uchun esa yangi tizim ishlab chiqiladi», dedi Minneapolis shahar kengashi prezidenti Liza Bender.

Minneapolis meri Jyeykob Frey esa politsiya bo‘limining tugatilishini yoqlamayapti, u buning o‘rniga islohotlar o‘tkazilishi kerak, degan taklifni ilgari surgan. Ammo Jyeykob Frey shahar kengashidagi ko‘pchilikning qaroriga veto qo‘yish huquqiga ega emas.

Ko‘plab shaharlarda komendantlik soati bekor qilindi

Norozilik namoyishlari tinch shaklda o‘ta boshlagach, Nyu-York, Chikago va Filadelfiyada joriy etilgan komendantlik soatlari bekor qilindi.

Nyu-Yorkning turli qismlarida bo‘lib o‘tgan noroziliklarda bir guruh namoyishchilar «Ovoz bering va Trampdan qutuling» shiori bilan Trump Tower oldida to‘planishdi.

Tramp norozilik namoyishlari 10 kun davom etgan Vashingtonda milliy gvardiyaga ortga chekinish haqida buyruq bergan.

Virjiniyada esa 7 iyun oqshomida Amerika fuqarolik urushi Konfederatsiya armiyasi generali Karter Vikhemning haykali yiqitildi.

Xabarlarga ko‘ra, prezidentlikka demokratik partiyadan nomzod Jo Bayden Floydning 9 iyun kungi Hyustonda bo‘lib o‘tadigan dafn marosimiga «himoya va ekstremal xavfsizlik choralari xalaqit bermasligi»ni ta'minlash maqsadida 8 iyun kuni marhumning oilasiga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Hyuston universiteti ham Floydning xotira marosimida qatnashishni istaganlar uchun dushanba kungi darslar bekor qilinganini bildirdi.

Politsiya budjeti qisqartiriladi

Nyu-York meri Bill de Blasio tobora kuchayib borayotgan islohot talablari doirasida politsiya bo‘limi uchun ajratiladigan budjet qisqartirilishini e'lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror Nyu-York politsiyasi tomonidan norozilik namoyishlarining ilk kunida namoyishchilarga shafqatsiz munosabat bo‘lingani sababli qabul qilingan. Nyu-York politsiya boshqarmasining 6 milliard dollarlik yillik budjetining qancha qismi qisqartirishiga izoh bermagan Blasio ma'lum miqdordagi mablag‘lar ijtimoiy xizmatlarga ajratilishini bildirdi.

Politsiyaga qarshi da'vo ochishni osonlashtiruvchi qonun loyihasi

Kaliforniya shtatining Demokratik vakillar palatasi a'zosi Karen Bass CNN telekanaliga bergan intervyusida politsiyani o‘z xatti-harakatlariga nisbatan javobgar qilish, noto‘g‘ri buyruq berish va qoidabuzarliklarni kuzatib borishga imkon beruvchi qonun loyihasi 8 iyun kuni taqdim etilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qildi.

«Politsiya madaniyatini o‘zgartiradigan vaqt keldi. Ishonamizki, taklif etilayotgan qonun loyihasi ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi», dedi Bass.

80 foiz amerikalik Floyd vafot etgach, mamlakatda nazorat izdan chiqib ketdi, degan fikrda

AQShda Floydning o‘limi, yangi turdagi koronavirus Covid-19 epidemiyasi va 100 mingdan ortiq odamning o‘limiga olib kelgan milliy inqirozlar bilan bog‘liq Wall Street Journal va NBC News tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, respublikachilarning 48 foizi norozilik namoyishlari ularni Floydning o‘ldirilishidan ko‘ra ko‘proq bezovta qilganini aytdi, demokratlarning 81 foizi esa buning tamoman aksini aytmoqda.

Shuningdek, so‘rovnoma ishtirokchilarining 80 foizi Floyd politsiya zo‘ravonligi tufayli vafot etgach, mamlakat nazoratdan chiqib ketdi, degan fikrda.

Demokratlarning 75 foizi Covid-19 epidemiyasining oldini olish va normal hayotga qaytish uchun bir yildan ko‘proq vaqt kerakligini, AQSh prezidenti Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchi respublikachilarning 32 foizi esa epidemiya nazorat ostidaligi haqida fikr bildirishgan.

So‘rovnoma natijalari Trampning qo‘llab-quvvatlash aprel oyiga nisbatan 1 foizga kamayib, 45 foizga tushib ketganini ko‘rsatsada, inqirozlar uni qo‘llab-quvvatlash stavkasini deyarli o‘zgartirmagan. Jo Baydenni esa xalqning 49 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda.

Iqtisodiyot va ishsizlik kabi muammolarni hal qilish masalasida amerikaliklarning 48 foizi Trampga, 35 foizi esa Baydenga ishonishini bildirgan.

Rossiya masalasi, epidemiya va namoyishlar jarayonida o‘tkazilgan jami 18ta so‘rov natijasi Trampni qo‘llab-quvvatlash 43 foizdan 47 foizgacha ekanini ko‘rsatmoqda.

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top