07:13 / 08.06.2020
26006

Benzin va gazni iste'molchilarga realizatsiya qilishda maxsus yig‘imni undirish tartibi ochiqlandi

Hududiy jamg‘armalarga avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste'molchilarga realizatsiya qilishda yoqilg‘i birligi uchun 25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘imni undirish tartibi tasdiqlanadi.

Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining “Hududiy jamg‘armalarga avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste'molchilarga realizatsiya qilishda yoqilg‘i birligi uchun 25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘imni undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qo‘shma qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste'molchilarga realizatsiya qilishda yoqilg‘i birligi uchun 25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘im miqdorlari bo‘yicha takliflarni keng jamoatchilik muhokamasi asosida, muayyan ma'muriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olib va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda kelgusi yillar uchun Davlat budjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini tuzish va ko‘rib chiqish bilan bog‘liq muddatlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan ma'qullangan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli qarorlariga asosan belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari maxsus yig‘im miqdorini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalariga hamda avtomobillarga yonilg‘i va gaz qo‘yish stansiyalariga ijro uchun yuboradilar.

Bunda, joriy moliya yili uchun maxsus yig‘imning yangi miqdori tasdiqlangunga qadar amalda bo‘lib turgan maxsus yig‘im miqdori saqlanib turiladi va ushbu miqdor bo‘yicha avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan hududiy jamg‘armalarga maxsus yig‘imni to‘laydilar.

Maxsus yig‘imni undirish obekti bo‘lib, yuridik shaxslar tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste'molchilarga realizatsiya qilinadigan yoqilg‘i hisoblanadi.

Avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari Davlat soliq qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan yetkazilgan maxsus yig‘im miqdorlarini avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni chakana narxi ustiga qo‘shib realizatsiya qiladilar.

Yuridik shaxslar Hududiy jamg‘armalarga maxsus yig‘imni oxirgi iste'molchilarga realizatsiya qilishda yoqilg‘i birligidan, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘ini chegirib tashlagan holda hisoblaydilar va to‘laydilar.

Avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan maxsus yig‘imlar Hududiy jamg‘armalariga sotilgan birlikdan kelib chiqib har oyda soliq davridan keyingi oyning o‘ninchi kunidan kechiktirmay to‘lanadi.

Maxsus yig‘imni to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi va Hududiy jamg‘armalarga to‘lanishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Top