21:10 / 10.06.2020
48828
«O‘zbekkonsert»ga yangi rahbar tayinlandi

10 iyun kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov olib borgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rilgan bo‘lib, 2017 yildan buyon muassasaga rahbarlik qilib kelgan Abduqahhorov Odiljon Abdug‘aniyevichning boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan muassasa direktorining ijodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jamoliddinov Alisher Xudoyberdiyevich vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Alisher Jamoliddinov 1975 yilda tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 1999 yilda Muxtor Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasining sharq musiqasi fakultetini tamomlagan.

U 2013-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida bir qancha mas'ul lavozimlarida faoliyat yuritgan, xususan Konsert-tomosha muassasalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida mehnat qilgan.

Jamoliddinov 2018 yildan boshlab «O‘zbekkonsert» davlat muassasasida ijodiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida mehnat qilib kelayotgandi.

Top