21:42 / 10.06.2020
13290
Qirg‘iziston YeOIIni tark etish masalasini ko‘tarib chiqishi mumkin – OAV

6 iyun kuni Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati «Aktilek – avtodorojniy» nazorat-o‘tkazish punktida 500dan ortiq yuk mashinalaridan iborat sakkiz kilometrlik tirbandlik paydo bo‘lgani haqida ma'lum qilgan. 

Foto: Getty Images

YeOII Qozog‘iston bilan chegarada to‘planib qolgan yuzlab Qirg‘iziston yuk mashinalari bilan bog‘liq vaziyatda hakamlik qilishi lozim. Agarda muammo hal bo‘lmasa, Bishkek Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasidagi (YeOIK) vakillarini chaqirib olishga va hatto YeOIIda ishtirok etishini savol ostiga qo‘yishga ham tayyor. Mamlakat iqtisodiyoti vaziri Sanjar Mukanbetov xalqaro ishlar bo‘yicha parlament qo‘mitasi yig‘ilishida ana shunday bayonot berdi.

 Qayd etilishicha, Qirg‘iziston hozircha YeOII kelishuvlariga amal qilishda davom etadi, ammo agar muammo yaqin vaqt ichida ittifoq a'zolari ishtirokida hal qilinmasa, Qirg‘iziston YeOIKdagi vazirlarini chaqirib oladi.

 «Qirg‘izistonning muammosini hal qilmasdan YeOIIda bo‘lishdan ma'no yo‘q. Barcha tovarlar Qozog‘iston bilan chegarada to‘sib qo‘yilgan, YeOIKga bir necha marta murojaat qilindi, ammo komissiya Qozog‘iston tarafini oldi. Bu safar ham ana shunday qaror qabul qilinadigan bo‘lsa, bu Qirg‘izistonning YeOIIga a'zoligini savol ostiga qo‘yadi», – degan mamlakat iqtisodiyot vazirligidagi manba «Interfaks-Zapad» agentligiga bergan intervyusida.

 Qirg‘izistonning asosiy e'tiroziga ko‘ra, Qozog‘iston Xitoy kontrabandasidan himoya bahonasida YeOII ichida to‘siq yaratib, chegarada tirbandlik paydo qilgan. 

Agentlikdagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, paydo bo‘lgan inqiroz «mintaqadagi integratsion jarayonlarning lokomotivi bo‘lgan Rossiyaning nufuziga zarba bo‘ladi».

Avvalroq Qozog‘iston Jogorku Keneshining xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi YeOII bo‘yicha masalalar muhokamasini kun tartibidan chiqarib tashlagani xabar qilingandi.

6 iyun kuni Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati «Aktilek – avtodorojniy» nazorat-o‘tkazish punktida 500dan ortiq yuk mashinalaridan iborat sakkiz kilometrlik tirbandlik paydo bo‘lgani haqida ma'lum qilgan. 

O‘z navbatida, Qozog‘iston o‘z bozorini Xitoy mahsulotlari kontrabandasidan himoya qilayotganligini ta'kidlamoqda. 8 iyun kuni Qozog‘iston moliya vazirligi Qirg‘izistonni yirik hajmdagi soxta tranzitlar va o‘z eksportining haqiqiy hajmini yashirishda ayblagan.   

Eslatib o‘tamiz, may oyi o‘rtalarida senatorlar O‘zbekiston Respublikasining YeOIIda «kuzatuvchi davlat» maqomida ishtirok etish taklifini ma'qullagandi.

Top