00:46 / 10.06.2020
11117

Toshkent xorijlik mutaxassislar yashashi uchun eng arzon shaharlardan biri deb topildi

Foto: KUN.UZ

Mercer kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, xorijlik mutaxassislar (ekspatlar) yashashi uchun eng qimmat shahar Hongkong deb topildi. E'tiborlisi, Toshkent ekspatlar yashashi uchun yana eng arzon shaharlardan biri deb topildi.

Turkmaniston poytaxti Ashxobod ekspatlar yashashi uchun eng qimmat shaharlar orasida 2-o‘rinni egallab, Tokio, Tsyurix, Singapur, Seul va Shanhay kabi shaharlarni ortda qoldirgan. Bir yil avval Ashxobod ushbu Cost of Living Survey reytingida 7-o‘rinni egallagan. 

Toshkent esa ekspatlar uchun eng arzon shaharlar orasida yana yetakchilar qatorida bo‘ldi. O‘zbekiston poytaxti reytingda keltirilgan 209 ta shahar ichida 206-o‘rinni egallagan. Toshkent ushbu o‘rinni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek bilan bo‘lishgan. Bir yil avval Toshkent 208-o‘rinni egallagan.

Ekspatlar uchun eng qimmat shaharlar o‘ntaligidan Hongkongdan tashqari, Tokio, Tsyurix, Singapur, Nyu-York, Shanhay, Bern, Jyeneva va Pekin joy olgan.

Xorijlik mutaxassislar uchun eng arzon shaharlar o‘ntaligidan, ya'ni reytingning eng quyi o‘rinlaridan esa Pokiston poytaxti Islomobod, Zambiya poytaxti Lusaka, Shimoliy Makedoniya poytaxti Skope, Gruziya poytaxti Tbilisi, Gambiya poytaxti Banjul, Pokistonning yana bir shahri Karachi, Toshkent, Bishkek, Namibiya poytaxti Vindxuk va Tunis poytaxti Tunis joy olgan.

Top