22:16 / 11.06.2020
20224

«Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasida nima uchun mansabdorlarga istisnolar belgilanganiga izoh berildi

Adliya vaziri o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov 11 iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida bosh vazir, hukumat a'zolari, deputatlar va boshqa yuqori mansabli davlat xizmatchilariga nisbatan nima uchun istisnolar belgilanganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamalarga sabab bo‘ladigan ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, 3-moddasida: “Ayrim toifadagi davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi xususiyatlaridan kelib chiqib, qonun normalariga to‘liq va qisman amal etilmasligi belgilab berilgan”. Bu juda qiziq muhokamalarga sabab bo‘ldi. “Bu toifalar kim? Nimaga bu yerda tatbiq qilinmaydi?” deyilyapti. Buning sababi bor.

Agar xalqaro tajribani oladigan bo‘lsak, qonunning nomidan kelib chiqsak, ya'ni “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” fuqarolik degan so‘z turibdi. Davlat xizmati bu – keng qamrovli tushuncha. Lekin davlat fuqarolik xizmati bu – boshqa xizmat. Ya'ni professional davlat xizmati.

Butun dunyo tajribasi, umume'tirof etilgan qoidaga asosan boshqa davlatlarda ham davlat xizmati ikkita toifaga bo‘linadi. Bu o‘sha biz aytgan davlat fuqarolik xizmati va siyosiy xizmatchilar.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida mana shu 3-moddada istisno qilingan toifa bu – siyosiy xizmatchilar hisoblanadi. Deputatlarimiz, sudyalar, ya'ni ularni tayinlash, majburiyati, yuklatilgan vazifani amalga oshirish qonun, tartib-talablari umuman boshqacha. Fuqarolik xizmatiniki boshqacha.

Davlat fuqarolik xizmatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu – meritokratiya. Ikkinchisi bu – karera modeli. Qonun talablarini sudyaga, deputatlarga tatbiq qilolmaymiz. Tanlov asosida joylashimiz kerak.

Deputat saylanadi, deputat – xalq vakili. Deputatga nisbatan attestatsiya qilish, karera, o‘sish degan narsa yo‘q. U boshqacha mavqega ega. U davlat xizmatida alohida kategoriya hisoblanadi.

Sudyalar ham boshqa kategoriya. Biz qonunni to‘liq tatbiq qilolmaymiz. Bu yerda huquqni muhofaza qiluvchi, mudofaa va boshqa organlar deb aytilgan modda bor. Ular alohida qonun bilan tartibga solinadi. Sababi, ularning maqomi, vakolati boshqacha. Ularni tartibga solish boshqacha bo‘ladi. 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida ham Kuchlardagi harbiy xizmat va huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi xizmat davlatning maxsus xizmati hisoblanadi va alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi belgilab qo‘yilgan. Bu bo‘yicha alohida qonunlarimiz bor. O‘sha qonunlar bilan bunday toifadagi davlat xizmatchilarining huquqlari, maqomi tartibga solinadi”, dedi Bahrom Qo‘chqorov.

Bahrom Qo‘chqorov

Uning ta'kidlashicha, bosh vazir, Vazirlar Mahqamasi a'zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va a'zolari, hokimlarning huquqiy maqomi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi konstitutsiyasi va boshqa qonunlari bilan belgilanadi, shu bois “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bungacha qabul qilingan qonun hujjatlari tomonidan tartibga solinmagan qismlarga nisbatan qo‘llanilishi belgilangan.

“Ya'ni loyihada to‘liq istisno berilmagan. Aynan Konstitutsiya, Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi qonun bilan boshqa qoida nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘sha qonunlar qo‘llaniladi. Agar nazarda tutilmagan bo‘lsa, mana shu qonun ularga tatbiq qilinadi.

3-modda nimaga ayrim davlat xizmatchilariga tatbiq qilinmaydi deb ko‘pchilik e'tiroz bildirgan. Aytib o‘tishimiz kerak, qonunning 18-moddasi bor. Shu moddada davlat fuqarolik xizmatchilari daromadi va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya topshirishi belgilangan. Agar uni ham o‘qiydigan bo‘lsak, 1-moddasida yozilgan: deklaratsiya topshirish qonun hujjatlarida belgilangan tartib bilan amalga oshiriladi. Bu umumiy qoida sifatida qonun loyihasida turibdi. Bu alohida tartibga solinadigan masala.

Deklaratsiya bo‘yicha prezidentimiz farmonlarida umumiy davlat xizmatchilarini mol-mulki va daromadini deklaratsiya qilishni joriy qilish bo‘yicha topshiriq bor. Alohida normativ-huquqiy hujjat ishlanyapti. Mana shu bilan tartibga solinadi.

Umuman olganda, bu qonun loyihasini ishlayotganimizda xalqaro ekspertlar ham ko‘p tavsiya bergan. Ular mana shu deklaratsiya qilish tartibini alohida qonun bilan belgilash yoki bu narsa korrupsiya qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunlarda aksini topishi kerakligini tavsiya qilishgan.

Loyihani ko‘zdan kechirgan bo‘lsangiz, bu yerda deklaratsiya masalasi qisman yoritilgan. Bu yerda deklaratsiya tartibi yo‘q. Chunki u – alohida protsedura, alohida jarayon. U hammaga tatbiq qilinadi, u bir xil narsa. Bu fuqarolik xizmatchisiga boshqacha, unisiga boshqa emas. Bu korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining alohida elementi hisoblanadi. Shuning uchun bu yerda qisman aks ettirib ketilgan.

Misol uchun, bizda boshqa qonunchilik nuqtai nazaridan qiyoslash bo‘ladigan bo‘lsa, mana, Yer kodeksimiz bor. Kodeks bularning hammasini kodefikatsiya qilib, tizimlashtirib, hamma yer masalalarini shu yerga olishi kerak. Lekin o‘sha yerda yer solig‘ini to‘lash tartibi belgilanmagan. U Soliq kodeksimizda bo‘lyapti. Nimaga? Soliq masalalari bitta tizim.

Shu nuqtai nazardan qonunchiligimizning prinsiplari bor. Birinchisi, qonun to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi kerak degan prinsip bor. Ikkinchisi, boshqa qonun hujjatlari bilan ham uyg‘un bo‘lishi kerak. Biz bu yerga hamma narsani olib kelolmaymiz. Buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Shuning uchun ham boshqa qonunchilik bilan tartibga solinadigan ayrim masalalar bor. Lekin davlat xizmatchisiga taalluqli qismi bor”, dedi adliya vaziri o‘rinbosari.

Bahrom Qo‘chqorov, shuningdek, davlat xizmatchilarining toifalari, ular o‘rtasidagi tafovut haqida ham ma'lumot berdi.

“Kategoriya, toifalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu butun dunyoda tan olingan tizim. Ya'ni siyosiy xizmatchi yoki fuqarolik xizmatchi deyiladi. Siyosiy xizmatchilar konstitutsiya va boshqa qonunchilik bilan tartibga solinadigan, ularning vazifalari boshqa qonunlar bilan belgilab berilgan bo‘ladi. Misol uchun, oddiy Mehnat kodeksi bilan siyosiy xizmatchilarni ishdan olish tartibi tatbiq qilinmaydi.

Hattoki Mehnat kodeksida ham istisno qilib ketilgan: davlat xizmati uchun alohida qonun hujjatlarida belgilangan tartib joriy qilinadi. Sababi, siyosiy xizmatchi deganlarimiz, deputatlarmiz bo‘ladimi, sudyalar yoki hukumat vakillari bo‘ladimi hozir qanaqa tartibda tayinlanyapti? Ya'ni bosh vazir parlamentdan o‘tadi. Hukumat a'zolari vazirlar ham parlamentdan o‘tadi. Siyosiy partiya vakillari ovoz berganidan keyin fraksiyalardan o‘tib, keyin parlamentga chiqib ovoz olganidan keyin tayinlanadi. Bularga nisbatan Davlat fuqarolik xizmati qonunini to‘liq tatbiq qila olmaymiz.

Agar ayrim hukumat a'zosiga nisbatan e'tiroz bo‘ladigan bo‘lsa, uni ishdan olish tartibi ham boshqacha. Bu qonunda belgilangan kafolatlar ularga tatbiq qilinmaydi. Agar parlament tomonidan hukumatga e'tiroz bo‘ladigan bo‘lsa, hukumat ketishi kerak. O‘sha e'tiroz asosida va davlat xizmati to‘g‘risidagi kafolatlar u yerda belgilanmagan. Chunki ular siyosiy nuqtai nazardan tayinlangan mansabdor shaxslar hisoblanadi. Ularning maqsadi siyosiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish. Shuning uchun biz buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak.

Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi. Ko‘p takliflar kelib tushdi. Mana shu takliflar qonun loyihasini tegishli ekspert guruhlari bilan birgalikda qayta ishlashga asos bo‘ladi. Bu qonun loyihasi bo‘yicha muhokamamiz hali davom etadi. Jamoatchilik fikrini olgandan keyin ekspertlar darajasida, idoralararo darajada muhokamalar yana davom etadi. Jamoatchilik ishtiroki bilan ham muhokamalar davom etadi.

Yana takliflar berilgan. Misol uchun, yaqin qarindosh bo‘lgan davlat xizmatchilarining bitta muassasa yoki davlat tashkilotida xizmat qilishi. Bu norma ham qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, xorij banklarida hisob raqamini yuritishni ham qayta ko‘rib chiqamiz. Bu qonun loyihasi bo‘yicha ayrim e'tirozlar bo‘lgan. Bu davlat xizmatchilarining qimmatli qog‘ozlar olishi. Bu xalqaro tajribaga zid emas, lekin bu norma ham qayta ko‘rib chiqiladi”, dedi u.

Top