14:44 / 11.06.2020
5401
Markaziy bank: «Transchegaraviy pul o‘tkazmalari oqimi tiklanmoqda» 

May oyida pul o‘tkazmalari hajmi aprelga nisbatan 234 mln. dollarga ko‘paydi va 484 mln. dollarni tashkil etdi. 

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

Joriy yil aprel oyida cheklov choralari va jahon bozorlaridagi vaziyatning yomonlashuvi sababli iqtisodiy faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatildi. Bu haqda Markaziy bank xabarida aytilgan.

Qayd etilishicha, ishlab chiqarishning qisman to‘xtatilishi va uy xo‘jaliklari daromadlarining kamayishi iqtisodiyotdagi yalpi talabning qisqarishiga olib keldi. 

“Xususan, banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan o‘tkazmalarning umumiy soni sezilarli darajada kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichning pasayishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aprelda 39,8 foizni, mayda esa 34,7 foizni tashkil etdi. Eng katta pasayish aprel oyida kuzatilgan bo‘lib, may oyida asta-sekin tiklanish kuzatila boshlandi va o‘tkazmalar hajmi aprel oyiga nisbatan 7,6 foizga o‘sdi.

May oyida, shuningdek, tijorat banklariga savdo va pullik xizmatlardan naqd pullar tushumi ham tiklana boshlandi. Xususan, aprelda banklarga 3,4 trln. so‘mlik naqd pul tushumi kelib tushgan bo‘lsa, mayda mazkur ko‘rsatkich 44 foizga oshib, 4,9 trln. so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, may oyida savdo va pullik xizmat ko‘rsatuvchi sub'yektlarda terminal orqali to‘lovlar hajmi aprelga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 5,2 trln. so‘mga yetdi”, - deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, shu kabi holat O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi savdolarida ham kuzatildi. Joriy yil aprelda savdo hajmi oldingi oyga nisbatan 9,4 foizga pasaygan bo‘lsa, may oyida 39,7 foizga o‘sdi.

Bundan tashqari, transchegaraviy pul o‘tkazmalari oqimi tiklanmoqda va bu o‘z navbatida, aholining iste'mol kayfiyatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. 

“Xususan, may oyida pul o‘tkazmalari hajmi aprelga nisbatan 234 mln. dollarga ko‘paydi va 484 mln. dollarni tashkil etdi”, - deyiladi ma'lumotda.

Sanoat mahsulotlari sohasida may yakunlari bo‘yicha ishlab chiqarishning aprelga nisbatan 27 foiz bandga tiklanishi kutilmoqda.  

Shuningdek, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha qurilish sohasida o‘sish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizdan ziyodga ko‘payishi, qishloq xo‘jaligi sohasida esa 3 foiz atrofida yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

May oyida cheklov choralari yumshatilishi bilan vaziyat yaxshilana boshladi va iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasi kuzatilmoqda, deya ta'kidlaydi MB.

Top