21:24 / 12.06.2020
7308

BMT: Saudi Aramco korxonalariga Eron quroli bilan hujum qilingan 

BMT Saudiya Arabistonining Saudi Aramco kompaniyasiga tegishli neft obektlari va Abha aeroportiga Eronda ishlab chiqarilgan qurol bilan hujum qilingani haqidagi xulosaga keldi. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning Xavfsizlik kengashiga tayyorlagan ma'ruzasida aytilgan. 

hujumda qo‘llangan dron qoldiqlari / Foto: AP

“Kotibiyatning baholashicha, 4 ta hujumda qo‘llangan qanotli raketalar va ularning qismlari Eronda ishlab chiqarilgan”, deyilgan hujjatda. Ushbu xulosaga BMT ixtiyorida bo‘lgan qurollar bo‘laklari tahlili asosida kelingan. Hujjatda 2019 yil may oyida Afifdagi korxonalarga qarshi sodir etilgan hujumlar va iyun hamda avgust oylarida Abha aeroportining o‘qqa tutilishi ko‘rib chiqilgan

2019 yil sentyabrda Abqayq va Huraysdagi obektlarga hujumlarda qo‘llangan dronlar ham Eron bilan bog‘liq. Ushbu hujumlar uchun javobgarlikni yamanlik husiylar o‘z zimmalariga olgan. Hujumlar davomida yetkazilgan talafotlar oqibatida Saudiya Arabistonida neft qazib olish hajmi kuniga 5,7 mln barrelga qisqargan. AQSh ushbu hujumlarda Eronni ayblab, Tehronga qarshi sanksiyalar kiritgandi.

Top