13:17 / 12.06.2020
4198

«Cheklangan sherikchilik to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Qonunning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilish uchun huquqiy asos yaratish va cheklangan sherikchilik shartnomasi asosida investitsion loyihalarni amalga oshirish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Cheklangan sherikchilik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Sherikchilik – cheklangan sherikchilik shartnomasi asosida tuzilgan yuridik tashkilot shakli.

Cheklangan sherikchilik daromad keltirish-keltirmasligidan qat'i nazar, bank faoliyatidan tashqari istalgan qonuniy faoliyat, maqsad yoki faoliyatni olib borishi mumkin.

Cheklangan sherikchilik qonunchilik yoki cheklangan sherikchilik shartnomasi taqdim etadigan barcha huquq va imtiyozlarga, shu bilan birga, biznes, cheklangan sherikchilik maqsadi yoki faoliyatini yuritish, rivojlantirish yoki unga erishish uchun lozim bo‘lgan, yuridik shaxs vakolatlariga ega bo‘lishi shart va amalga oshirishi mumkin.

Cheklangan sherikchilik firma nomi tushirilgan muhr, shtamp va blankalarga, o‘z emblemasiga, shuningdek, belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgisi va fuqarolik muomalasi, tovar, ishlar va boshqa xizmatlarni individuallashtirishning boshqa vositalariga ega bo‘lishi mumkin.

Cheklangan sherikchilik shartnomasi asosida ikkita yoki bir nechta shaxs (sherik) yuridik shaxs tuzib, o‘z mablag‘larini birlashtirish va sherikchilikdagi investitsion faoliyatni amalga oshirish majburiyatini oladi.

Cheklangan sherikchilik shartnomasida sheriklar cheklangan sherikchilik shartnomasida ko‘rsatilgan doirada va hajmda ishtirok etib, bunda bitta yoki bir nechta sherik (boshqaruv kompaniyasi) barcha sheriklar nomidan hamkorlarning umumiy ishini yuritadi.

Malakali investorlar cheklangan sherikchilik shartnomasi tomonlari bo‘lishi mumkin.

Xorijiy yuridik shaxslar, shuningdek, xorijiy huquq bo‘yicha yuridik shaxs bo‘lmagan xorijiy tashkilotlar, ushbu shaxslarning O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan huquqiy maqomi xususiyatlaridan kelib chiqib, cheklangan sherikchilik shartnomasi bo‘yicha sherik sifatida ishtirok etishi mumkin.

Sherikchilik shartnomasi soni ellikdan oshmasligi kerak.

Cheklangan sherikchilik shartnomasi tomonlari va boshqa shaxslar cheklangan sherikchilik shartnomasi asosida amalga oshirilayotgan qo‘shma investitsion faoliyat bo‘yicha reklama joylashtirishi, shuningdek, ommaviy oferta yo‘li bilan sherikchilikdagi investitsion faoliyatga yangi shaxslarni jalb etishga haqli emas.

Cheklangan sherikchilik shartnomasida uni individuallashtirish maqsadida “cheklangan sherikchilik” so‘zlarini o‘z ichiga olgan cheklangan sherikchilik nomi (individual atamasi), cheklangan sherikning Tadbirkorlik sub'yektlarini Yagona davlat reyestrida ro‘yxatga olishda olingan STIR raqami ko‘rsatiladi.

Cheklangan sherikchilikni ta'sis etish hamda Tadbirkorlik sub'yektlarini Yagona davlat reyestrida ro‘yxatga olish uchun qo‘shimcha ravishda Nizom va ta'sis shartnomalari talab etilmaydi. Cheklangan sherikchilik shartnomasi va umumiy ishlarni yuritish siyosati yuridik shaxsni ta'sis etuvchi ta'sis hujjatlar sanaladi.

Tadbirkorlik sub'yektlarining Yagona davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng cheklangan sherikchiliklar ariza to‘ldirib, unga cheklangan sherikchilik shartnomasi, davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxalari va boshqaruvchi sherik to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ilova qilib, qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga soluvchi vakolatli davlat organida ro‘yxatga olinishi shart.

Sheriklarning cheklangan sherikchilik shartnomasi, unga o‘zgartirishlar kiritilgan kelishuv (shartnomalar) bilan tanishish imkoniyati cheklanmasligi lozim.

Cheklangan sherikchilik shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarni boshqaga o‘tkazish, jumladan, ularni huquqiy vorislik natijasida boshqaga o‘tkazish, shuningdek, cheklangan sherikchilik shartnomasiga yangi sherik qo‘shish munosabati bilan cheklangan sherikchilik shartnomasi ishtirokchisini almashtirish cheklangan sherikchilik to‘g‘risidagi amaldagi shartnomani bekor qilish va uning barcha ishtirokchilari o‘rtasida cheklangan sherikchilik to‘g‘risidagi yangi shartnoma tuzishni taqozo etmaydi. Cheklangan sherikchilik shartnomasiga yangi ishtirokchini qo‘shish sheriklarning umumiy yig‘ilishi qarori bilan, ushbu shartnomada ko‘rsatilgan tartib va shartlar asosida amalga oshiriladi, agarda cheklangan sherikchilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa.

Cheklangan sherikchilik shartnomasiga qo‘shilish birlamchi cheklangan sherikchilik shartnomasi tuziladigan tartibda rasmiylashtiriladigan va imzolanadigan (ishtirokchilarning amaldagi tartibini hisobga olib) qo‘shimcha shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi, agarda cheklangan sherikchilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa. Bunda shartnoma ishtirokchisi birlamchi cheklangan sherikchilik shartnomasining barcha shartlari va bandlarini qabul qiladi, agarda tomonlar kelishuvida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa. Qo‘shilish to‘g‘risidagi qo‘shimcha shartnomada sherikchilikning yangi ishtirokchisi umumiy ishga qo‘shadigan hissasini kiritish shartlari, tartibi, muddatlari va olinadigan daromadni taqsimlash tartibi belgilanadi.

Shartnoma yoki unga kiritilgan o‘zgartirishlar Tadbirkorlik sub'yektlarining yagona davlat reyestrida ro‘yxatga olingan kundan e'tiboran cheklangan sherikchilik shartnomasi tuzilgan, unga kiritilgan o‘zgartirishlar esa kuchga kirgan hisoblanadi.

Top