22:18 / 12.06.2020
9024
Jahongir Ortiqxo‘jayev: Yaqin ikki yilda O‘zbekistonga katta investitsiya oqimi kutilyapti

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Tashkent City kabi xalqaro ishbilarmonlik markazlariga o‘xshash yirik loyihalarni amalga oshirish uchun investorlar konsorsiumini yaratish taklifini bildirdi. Bu haqda u Business City direksiyasi jamoasi hamda Cushman & Wakefield Russia jamoasi ishtirokida o‘tkazilgan onlayn muloqotda ma'lum qilgan.

13 iyun kuni o‘tkazilgan muloqot davomida O‘zbekiston poytaxtining rivojlanish tendensiyalari hamda istiqbolli taraqqiyotiga xizmat qiluvchi omillar muhokama qilingan.

Anjuman avvalida Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentda deyarli barcha sohalarda izchil o‘sish kuzatilayotgani, hatto pandemiya sharoitida ham davlat va hukumat darajasida ko‘rilgan choralar sabab iqtisodiy yo‘qotishlar kuzatilmagani, balki o‘sish tempi davom etayotganini ta'kidlab o‘tgan.

Shuningdek, hokim Toshkent o‘zini o‘zi yakkalash borasida namunali shaharlardan deb topilganligini, bu esa karantin talabi va qoidalarini to‘g‘ri tushunib, unga kerakli darajada amal qilgan fuqarolar hissasi ekanligini qayd etgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev rivojlanayotgan shaharlar uchun investitsiyalar nihoyatda muhimligiga e'tibor qaratib, yaqin 2 yilda yana yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish kutilayotganini bildirdi va Investorlar konsorsiumini yaratish vaqti kelganligini ma'lum qildi.

«Fikrimcha, O‘zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirish vaqti keldi. Nuqtai nazarimcha, investorlar uchun konsorsium yaratish va bitta yirik loyihaga kirish foydali bo‘ladi. Ikki yil oldin Prezident Tashkent City’ni qurish vazifasini qo‘ygandi – bu vaqt ichida biz yangi shahar yaratdik. Loyihaning birinchi bosqichi yakunlandi. O‘ylaymanki, bu juda omadli loyiha bo‘ldi. Shu kabi loyihalarni amalga oshirish uchun Investorlar konsorsiumini yaratish va hokimiyat bunga bor kuchini sarflashi kerak», deydi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev investorlarga yillik 18-26 foizli daromadlarni va'da qildi.

«Ko‘plab davlatlarda investor potensial daromad haqida aniq hisob-kitobga ega bo‘lmaydi. Ammo men sizlarga ochiq aytaman, Toshkentda investor tikkan pulining 18 foizdan 25-26 foizigacha foyda ko‘radi. Agarda kimdir «sen 40-100 foiz atrofida foyda ko‘rasan», desa bu noto‘g‘ri ma'lumot. Bizda 18-26 foiz daromad keltiradigan 11 milliard dollarlik loyihalarimiz bor. Bu 100 foiz kafolatlangan», deydi hokim.

Shuningdek, anjumanda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov so‘zga chiqib, Toshkent shahri iqtisodiyotining o‘sish sur'ati, amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar, ijtimoiy hayot borasida ma'lumot berib o‘tdi.

Xususan, 2020 yilning birinchi choragida shaharda xorijiy investitsiya asosida 407ta korxona tashkil etilganligini qayd etdi. Ayni paytda Germaniya, Hindiston, Ozarbayjon, Ukraina va Afg‘oniston investorlari hamkorlikka qiziqish bildirayotganligini qayd etib, xalqaro hamkorlikning istiqbollari haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

Top