18:56 / 12.06.2020
6287
Kelajak kasalxonalarida eshik tutqichlari bakteriyalardan o‘zini o‘zi tozalaydi

Har kuni kasalxonalarda minglab odamlar davolanadi. Biroq bu yerda sog‘lom odamlar ham eng xavfli kasalliklarni yuqtirib olishadi. Gap shundaki, eshik tutqichlari va boshqa obektlarni deyarli barcha tashrifchilar, hatto turli infeksiya tashuvchilar ham ushlaydi. Kasallik tarqalishining oldini olish uchun kasalxona ishchilari yuzalarni antibakterial vositalar bilan artishadi. Biroq kelajakda eshik tutqichlarini artish haqida unutish mumkin bo‘ladi.

Avstraliyalik olimlar bakteriyalarning tashqi qobig‘ini maydalab, yo‘q qiluvchi materialni yaratishdi.

Foto: hi-news.ru

Antibakterial material

Yangi tibbiy material haqida ACS Biomaterials Science & Engineering jurnalida ma'lum qilingan. Mazkur yangi material uchun deraza, fasad konstruksiyalari, sport anjomlari, avtomobil va boshqalarni ishlab chiqarishda qo‘llanadigan alyuminiy qotishmasi asos bo‘lgan. Ana shu materialdan ishlangan eshik tutqichi uch soat davomida keng tarqalgan ishqor – natriy gidroksidi bilan qayta ishlandi.

Ishqor juda zaharli modda bo‘lgani uchun alyuminiy qotishmasining yuzasi ko‘plab «taroqcha»lar bilan qoplandi. Biroq ularni bir qarashda payqash qiyin, chunki taroqchalarni faqat mikroskop ostidagina ko‘rish mumkin. Odamlar uchun mazkur materialdan ishlangan eshik tutqichi biror o‘ziga xos jihati bilan ajralib turmaydi, biroq xavfli bakteriyalar uning ustiga tushganida ularning tanasi bir necha qismga bo‘linib ketadi.

Qayd etish joizki, yangi material xavfsiz bakteriyalarni ham o‘ldiradi.

Foto: hi-news.ru

Ehtimol, mikroskopik taroqchalarga ega materialning o‘ldirish xususiyati haqida avstraliyalik olimlar hamkasblaridan bilishgandir. 2013 yilda avstraliyalik biofiziklar ayrim hashoratlar qanotlaridagi notekisliklar «antibakterial» xususiyatga egaligini aniqlashgan. Bakteriyalar qanot yuzasida paydo bo‘lganida ularning tashqi po‘stlog‘i bir necha o‘tkir taroqlarga yopishadi va cho‘zilishni boshlaydi. Oxir-oqibat hujayra po‘stlog‘i shu darajada cho‘ziladiki, yirtilib ketadi, hujayra ichki qismini ozod qiladi va bakteriyalar qirilib ketadi. Masalan, Psaltoda claripennis hasharotining qanotlari ham antibakterial xususiyatga ega.

Foto: hi-news.ru

Suinbern texnologik universiteti tadqiqotchilarining so‘zlariga ko‘ra, bu xuddi rezina qo‘lqopning cho‘zilishiga o‘xshaydi. Agar u turli tomonga tortilsa, uning o‘rta qismi shu qadar ingichkalashadiki, natijada yirtiladi. Yangi ilmiy ish doirasida olimlar alyuminiydan hasharotlar qanotlari tuzilishining nusxasini yaratishdi. Ular material yuzasiga husnbuzarlardan tortib, pnevmoniyagacha bo‘lgan bir necha kasalliklarga sabab bo‘luvchi tillarang stafilokokk bakteriyalarini joylashtirib ko‘rishdi. Vaqt o‘tishi bilan sharsimon bakterial yo‘q bo‘ldi.

Foto: hi-news.ru

Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, alyuminiy qotishmasidan ishlangan yangi eshik tutqichlari har ikki soatda o‘z-o‘zini tozalab turadi. Shuningdek, tajribalar davomida uzoq vaqt o‘tsa ham qotishma o‘zining antibakterial xususiyatlarini saqlab qolishi ma'lum bo‘ldi. Qayd etish kerakki, alyuminiy ishqorli ishlov berish uchun eng yaxshi materialga aylandi. Chunki boshqa metallar bakteriyalarni yo‘q qiluvchi notekisliklarni hosil qilmagan.

Qo‘llar gigiyenasi

Yangi materialdan ishlangan eshik tutqichlarini kasalxonadan tashqari boshqa jamoat joylari, masalan aeroportlarda ham qo‘llash mumkin. Business Insider ma'lumotlariga ko‘ra, hojatxonadan chiqqanidan keyin faqat 70 foiz kishigina qo‘llarini yuvishadi. Amerikalik olimlarning fikriga ko‘ra, agar qolgan 30 foiz kishilar ham gigiyenaning ushbu muhim qoidasiga amal qilishganida koronavirusga o‘xshagan xavfli kasalliklar tarqalishini ikki martaga sekinlashtirish mumkin bo‘lardi.

Foto: hi-news.ru

Yangi material aeroportlarda ham foydali bo‘lishi mumkin, biroq uning jamoat joylarida qay darajada samarali bo‘lishi ma'lum emas. Masalaning ahamiyatli bir jihati bor. Tadqiqotchilar yuza bakteriyalardan har ikki soatda tozalanishini aytishyapti. Axir aeroport va boshqa jamoat joylarida eshik tutqichlari deyarli har daqiqada ushlanadi.

Shunday ekan, yangi eshik tutqichlaridan kasalxona va aeroportlarda foydalanish katta shubha ostida. Uyda esa u bizga asqatishi aniq. Eshik tutqichini tayyorlash osonligi uchun material qimmat bo‘lmasa kerak va undan hamma foydalana oladi.

Top