19:03 / 12.06.2020
4911

Pandemiya sharoitidagi O‘zbekiston: onlayn davlat xizmatlari iste'moli oshdimi?

Pandemiya dunyo aholisi, jumladan o‘zbekistonliklarning ham jismoniy harakatlanishini kamaytirib, odamlarni texnologiyadan, internetdan ko‘proq foydalanishga rag‘batlantirdi. Endi odamlar garchi vaziyat taqozosi bilan bo‘lsa-da, davlat xizmatlaridan onlayn tarzda ko‘proq foydalanishga harakat qilmoqda.

Xalqaro tajriba onlayn davlat xizmatlari jamiyat turmush tarzida katta o‘zgarishlar qilishidan darak beradi. Bu usul hukumatning xalqqa xizmat qilishi va aloqa o‘rnatishining yangi vositasi sifatida e'tirof etiladi.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya davrida hukumat portallarining ahamiyati oshgan. 2020 yil 25 mart holatiga ko‘ra, tashkilotga a'zo 193 davlatning 110tasi, ya'ni 57 foizi o‘z milliy portallari orqali ma'lumot berib borgan bo‘lsa, qolgan 43 foizida (83ta davlat) portallar orqali ma'lumot berish imkoni bo‘lmagan. 8 aprelga kelib esa davlat portali orqali ma'lumot beradigan a'zo davlatlar 86 foizga yetgan.

O‘zbekistonda ham elektron hukumat platformasi ishlamoqda, odamlar davlat xizmatlaridan onlayn foydalanishga o‘rganishyapti. Ayniqsa, karantin cheklovlari tufayli mashinalar harakati ma'lum muddat to‘xtatilishi, tashkilotlar masofadan ishlashga o‘tishi ham onlayn xizmatlar ommalashishiga turtki berdi.

Davlat xizmatlari agentligi bergan ma'lumotga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda my.gov.uz portali orqali 140dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni bor.

Bundan tashqari, Davlat xizmatlari agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda eng zarur davlat xizmatlari ro‘yxatini shakllantirish ustida ishlamoqda. 50ga yaqin eng zarur davlat xizmatlarini faqat elektron shaklda ko‘rsatish ustida ish olib borilyapti.

Pandemiya ta'siridagi o‘sish

DXA taqdim etgan statistikaga ko‘ra, 2019 yilda fuqarolarga ko‘rsatilgan davlat xizmatlarining bor-yo‘g‘i 5-6 foizi onlayn tarzda, ya'ni Davlat xizmatlari markazlariga kelmagan holda amalga oshirilgan.

«Buning sababi fuqarolarda elektron xizmatlardan foydalanish ko‘nikmalarining yo‘qligi bilan bog‘liq. Shuning uchun fuqarolarning raqamli xizmatlardan foydalanish bo‘yicha malakasini oshirish uchun harakat qilinmoqda.

Masalan, har bir DXMda onlayn xizmat ko‘rsatish burchaklari tashkil etilgan, ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn xizmatlardan foydalanish qulayliklari haqida ma'lumot berilmoqda.

Shuningdek, onlayn xizmatdan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish maqsadida bu turdagi xizmatdan foydalanganda fuqarolar to‘lashi lozim bo‘lgan davlat bojlariga 10 foiz chegirma beriladi», – deya ma'lumot bermoqda DXA.

Pandemiya va o‘rnatilgan karantin cheklovlari ham elektron davlat xizmatlaridan ko‘proq foydalanishga turtki bergan.

Tahlillarga ko‘ra, 2020 yilning birinchi 4 oyi davomida onlayn tarzda fuqarolar tomonidan foydalanilgan davlat xizmatlari 2019 yilning mos davriga nisbatan 15,5 foizga ortgan.

Karantin davrida elektron raqamli imzo olish uchun qilingan murojaatlar (157 mingdan ortiq) eng ko‘p foizni tashkil qilgan. Nikohni qayd etish uchun ariza yuborish va turli bir martalik nafaqa pullarini olish kabi onlayn xizmatlarga ham talab oshgan.

Elektron to‘lov nimaga kerak?

Davlat xizmatlaridan onlayn shaklda foydalanishning qulay jihatlari ko‘p.

Onlayn xizmat uchun uy yoki ish joyini tark etish shart bo‘lmaydi. Buning bilan vaqt tejaladi. Ortiqcha sarson bo‘lishning oldi olinadi, transportga ketadigan xarajat (yo‘lkira, yoqilg‘i) tejaladi.

Ayni iqlim isishi muammosi dunyoni xavotirga solayotgan bir paytda elektron xizmatlar kamroq mashinada harakatlanishga sabab bo‘ladi. Natijada, odam individual tarzda tabiatga yetkazadigan zararini kamaytiradi.

Bundan tashqari, yosh bolasini yoki keksa kishilarni yolg‘iz qoldirib keta olmaydigan odamlar ham muammosini uydan chiqmasdan hal qiladi.

Ko‘pchilik hamon DXMga borishni afzal ko‘rmoqda

DXA bergan javobga ko‘ra, xizmatlarni elektron shaklda qabul qilish uchun atigi 1-2 daqiqa vaqt talab etilishiga qaramay, odamlar xizmatlarni Davlat xizmatlari markazlariga borgan holda amalga oshirishga o‘rgangan va bu usulni o‘zlariga qulay deb bilishadi.

Sababi – aksar odamlar xizmatlarni an'anaviy tarzda olishga o‘rgangan, ko‘pchilikning internetga ulangan kompyuteri yo‘q, infrastruktura ham yetarli darajada rivojlanmagan.

Bizningcha, bunga bevosita va bilvosita ta'sir qiladigan boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkin.

Qishloqlarda internet muammosi bor: ko‘plab hududlarda odamlar Wi-Fi yoki optik tola nimaligini bilishmaydi, mobil internet tezligi ham havas qilarli darajada emas.

Bu esa davlat xizmatlaridan onlayn shaklda foydalanish uchun zaruriy texnikalar va internet aloqasiga ega aholi foizini aniqlash zaruratini ko‘rsatmoqda.

Karantin cheklovlari davom etayotgan bir sharoitda uydan kamroq chiqish, iloji bor ishlarni masofadan bitirish – virus tarqalishini cheklash imkonini beradi. Har holda, hozir XXI asr. Vaqt tejash, resurslarni imkon qadar isrof qilmaslik sharoitini qilish mumkin. Elektron xizmatlar bunga yo‘l beradi, to‘siq esa – internet.

Zilola G‘aybullayeva

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top