11:45 / 12.06.2020
32427
«Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni afzal». Jeenbekov Qirg‘iziston va O‘zbekiston munosabatlari haqida gapirdi

Qirg‘iziston yaqin qo‘shnilari, jumladan O‘zbekiston bilan savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor. Bu haqda ushbu mamlakat prezidenti Sooronbay Jeenbekov 11 iyun kuni O‘sh viloyatining Aravon tumaniga tashrifi chog‘ida ma'lum qildi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Jeenbekovning qo‘shimcha qilishicha, YeOII mamlakatlari bilan bir qatorda, Qirg‘iziston o‘zining yaqin qo‘shnilari, jumladan qardosh O‘zbekiston bilan savdoni rivojlantirish va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdordir.

«Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni afzal, degan gap bor. Qirg‘iz va o‘zbek xalqi asrlar davomida yonma-yon, do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. Ota-bobolarimiz ikki xalqning birligini saqlab, bir-biriga yaqin bo‘lgan. Ikki mamlakat bir-biriga nafaqat geografik jihatdan yaqin, bizda tarix ham, din ham, til ham bitta, o‘xshash urf-odatlar bor», - deya ta'kidlab o‘tdi Sooronbay Jeenbekov.

Prezident so‘nggi yillarda Qirg‘iziston va O‘zbekiston nafaqat savdo-iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar aloqalarni ham faol rivojlantirayotganini ta'kidladi.

«Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlandi. Biz yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni saqlashga intilamiz, barcha muammolarni hal qilamiz, buning uchun sabr va vaqt kerak. Farzandlarimiz hamda mamlakatimiz kelajagi uchun qo‘shni davlatlar bilan do‘stlikni mustahkamlash siyosatini davom ettiramiz», - dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida joylashgan Chashma bulog‘i oldida ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqdi.

Qirg‘izistonning Botken viloyatiga tutash, Farg‘ona viloyati tarkibidagi So‘x tumanida joylashgan Chashma qishlog‘ida suv uchun katta janjal ro‘y bergan. Ikki qishloq aholisi buloq o‘ziga tegishli ekanini da'vo qila boshlagan.

Qirg‘iziston bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov 1 iyun kuni Botken viloyatiga tashrif buyurdi. U O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashuv o‘tkazdi va u bilan ikki mamlakatning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida ro‘y bergan mojaroni muhokama qildi.

Top