09:29 / 12.06.2020
66697
Virusolog: Koronavirus kuchsizlanmoqda. Kuzda uning ikkinchi to‘lqini bo‘lmasligi mumkin 

Kelayotgan kuzda dunyoda koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini bo‘lmasligi mumkin. Oxirgi ilmiy tadqiqotlar koronavirus tobora kuchsizlanayotganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda italiyalik virusolog Massimo Klementi ma'lum qildi. 

Foto: DPA

Milandagi Vita-Salute San Raffaele universiteti prorektori Massimo Klementining ta'kidlashicha, italiyalik shifokorlar may oyida koronavirusga chalinganlarda kasallik o‘tkirligi pasayganini payqashgan.

“Bunda gap nafaqat kasallanganlar soni, balki intensiv davolash bo‘limida davolanishi talab qilingan bemorlar, jumladan o‘pkasi yallig‘langanlar soni ham kamaygani haqida borgan. Shu bilan bir vaqtda uyda davolash mumkin bo‘lgan kasallanganlar soni oshgan”, deb ta'kidlab o‘tdi Klementi.

Shundan keyin San Raffaele shifoxonasi mikrobiologiya va virusologiya laboratoriyasi xodimlari bunday o‘zgarishning ilmiy sababini izlashga tushishgan.

“Biz kichik tadqiqot o‘tkazdik va unda shifoxonaga 1 martdan 15 martgacha tushgan 100 bemor bilan mayning ikkinchi yarmida tushgan 100 bemorni taqqosladik. Aniqlanishicha, virus yuklamasi (muayyan hajmdagi biologik suyuqlikda virus zarralari sonini baholash bilan hisoblanadigan o‘lcham) epidemiyaning boshida may oxiridagidan ko‘ra ancha – 10 martalab yuqori bo‘lgan. Bu natija katta ahamiyatga ega”, deb aytgan olim.

Klementining fikricha, koronavirus tobora kuchsizlanmoqda. Olim bu bilan bog‘liq holda londonlik olimlar yaqinda o‘tkazgan tadqiqot haqida so‘zlab bergan. Ular Xitoy, Yevropa, AQShda aniqlangan virus genomining turli sekvensiyalarini (ketma-ketligini) o‘rganib chiqishgan.  

“Natijada britaniyalik hamkasblarimiz virus genomida mutatsiya yuz beradigan muayyan hududlar borligini aniqlashgan. Gap gomoplaziya deb nomlangan fenomen haqida bormoqda. Bu virus juda qayishqoqligini va turli mutatsiyalar yordamida inson organizmiga moslashayotganini anglatadi”, deb ta'kidlab o‘tgan mikrobiolog. 

U bu ma'lumotlarni ajoyib yangilik deb atagan.

“Gap shundaki, yuqorida ta'riflangan jarayon barcha davlatlarda ularning geografik joylashishi va epidemiyaning qaysi bosqichida bo‘lganidan qat'iy nazar yuz beradi. Virusning evolyutsiyasi hamma yerda bir xil yo‘nalishda, biroq qayerdadir sekinroq, qayerdadir tezroq ketmoqda. Bu jarayon, avval bir necha marta bo‘lganidek, virusning patogen salohiyatini va uning virulentligini (kasallik chaqira olish darajasi, ya'ni zararligi) kamaytirishga olib kelishi mumkin. Virus tobora kamroq tajovuzkorga aylanmoqda, inson organizmiga moslashib, kuchsizlanib bormoqda”, deb xulosa qilgan olim. 

Klementining fikricha, tez orada virus shunchalik kuchsizlanadiki, u boshqa koronaviruslar kabi insonda faqatgina oddiy respirator kasalliklar chaqiradigan holga keladi. Olim shu bilan bog‘liq holda kuzda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini bo‘lmasligiga umid bildirgan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top