21:55 / 13.06.2020
4352

Elmira Bositxonova: «Ayollar kasanachilik asosida ish bilan nomigagina ta'minlanmoqda»

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta'minlash tizimidagi kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Unga ko‘ra, “Ustoz-shogird” tizimi asosida xotin-qizlarni hunarmandchilikka jalb etish, kasanachilik asosida ishga joylashtirish borasidagi ishlar talab darajasida emas.

“Kasanachilik asosida xotin-qizlarni ish bilan ta'minlayapmiz, lekin ular qanday manfaat ko‘ryapti, o‘z vaqtida ish haqlari to‘lanyaptimi, degan savollarga javob yo‘q.

Ish beruvchi tashkilotlar tomonidan kasanachi ayollarga yetarli buyurtmalar berilmayapti, natijada ish haqlari kam hisoblanmoqda yoki umuman berilmayapti. Ko‘rinib turibdiki, ayollar nomigagina kasanachilik asosida ish bilan ta'minlanmoqda.

Joylarda tikuv-trikotaj korxonalarida yaratilayotgan ish o‘rinlari hisobiga xotin-qizlarning bandligi ta'minlanyapti, bu yaxshi, albatta. Ammo ayollarimiz, asosan qizlarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga tegishli bozorlar topish bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermayapti.

Natijada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xaridorsiz qolib ketmoqda, bu esa korxonaning iqtisodiy ahvoli yomonlashishiga olib kelib, oylik maoshlarga salbiy ta'sirini ko‘rsatyapti. Oqibatda, yana ishsizlik”, dedi Bositxonova “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etish masalasidagi videoselektor yig‘ilishida.

Top