23:30 / 14.06.2020
85031
Bugun 5 hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlandi

14 iyun kuni O‘zbekistonda 114ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 5080 holat) va 69 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 3943 bemorga javob berilgan, 19 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 1118 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 7 hududda - Toshkent shahri, Buxoro, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 114 holatdan 81tasi karantin muassasalarida, 27tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 6 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+27)
Aholi orasida eng ko‘p holat Toshkent shahrida qayd etildi - 10 kishi.

Bugun Surxondaryo viloyatiga koronavirus qaytdi - aholi orasida 9ta holat aniqlandi. Viloyatda keng qamrovli dezinfeksiya ishlari boshlangan.

Viloyat 20 may kuni koronavirusdan xoli hududga aylangandi. Viloyatning tuman va shaharlarining «qizil», «sariq» va «yashil» hududlari ro‘yxati yangilandi: Endilikda Termiz shahri, Boysun, Muzrabot, Termiz va Sho‘rchi tumanlari «qizil» hududlar, Sariosiyo tumani «sariq» hudud hisoblanadi. Angor, Bandixon, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Uzun va Sherobod tumanlari hozircha «yashil» hududligicha qolgan.

Toshkent viloyatida esa aholi orasida jami 5ta yangi holat qayd etilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatida aholi orasida 2 kishiga, Sirdaryo viloyatida 1 kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan.

Karantin (+81)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 67 holat aniqlandi.

Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib karantinga olingan 10 kishida virus chiqqan.

Shuningdek, Samarqand (+2), Andijon (+1) va Toshkent shahrida (+1) koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar orasida yangi holatlar qayd etilgan.

Haydovchilar (+6)
Toshkent viloyatida 5 nafar, Sirdaryo viloyatida esa 1 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisida virus aniqlangan.

Tuzalganlar (+69)
Bugun Toshkent shahrida 55, Buxoro viloyatida 10, Namangan viloyatida 4 nafar bemor sog‘aydi va shu vaqtgacha koronavirusdan tuzalib chiqqanlar soni 3943 nafarga yetdi (77 foiz).

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1118 nafar bemordan 12 nafari og‘ir, 2 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda mamlakatimizda uy karantinida 28 297 nafar, statsionar karantinda esa 21 717 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top